Namanganda doʻl yogʻib, sel keldi
Bugun yoz chillasining oʻrtasida Namanganning shimolida joylashgan Kosonsoy shahrida bir qator tabiat hodisalari kuzatildi. Bu yerda qoq tushda avvaliga doʻl yogʻa boshladi. Yaqin oʻn daqiqa davom etgan yogʻingarchilik faqatgina shaharning Obod, Jar va Olmazor mahallalaridagina yuz berib, osmondan tushgan yongʻoqday doʻl donachalari hovlilardagi tomorqa va tokzorlarga jiddiy zarar yetkazdi, uzum mevalari toʻkilib, daraxtlar bargi uzilib tushdi.
Xabarlarga qaraganda, tabiat injiqligi bu bilan toʻxtab qolmay doʻl orqasidan Kosonsoy soyini toʻldirib kelgan sel koʻpchilikni shoshirib qoʻydi. Baʼzi joylarda kuchli oqim domiga tushib qolgan odamlar qutqarib qolinganligi aytilmoqda. Ayni paytda shahar mahallalari ichiga ham kirib borgan sel suvlarini bartaraf etish uchun Favqulodda vaziyatlar xizmati kuchlari tezkorlik bilan yordam koʻrsatmoqda.
Kosonsoydagi singari yirik doʻl donalari qoʻshni Yangiqoʻrgʻon tumanining Iskovot qishlogʻida ham yogʻib oʻtganligi haqida maʼlumotlar tarqaldi.
Qudratilla NAJMIDDINOV,
“Xalq soʻzi”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring