Namanganda biologik faol qoʻshimchalar ishlab chiqarayotgan yashirin sex fosh etildi
Foto: Prokuratura departamenti
Namangan viloyatida qonunga xilof ravishda dori vositalari va biologik faol qoʻshimchalar ishlab chiqarish bilan shugʻullanib kelgan MCHJ rahbari fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Qayd etilishicha, Departamentning Davlatobod tumani boʻlimi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida tezkor tadbir oʻtkazilgan. Unda “D.F.” MCHJ rahbari O.D. (muqaddam sudlangan) “Orzu” MFY hududidagi ishlab chiqarish sexida qonunga xilof ravishda dori vositalari va biologik faol qoʻshimchalar ishlab chiqarish bilan shugʻullanib kelganligi aniqlangan.
Mazkur manzildan umumiy bahosi 502,9 mln soʻmlik 9 turdagi 138 031 quti dori vositalari va dori tayyorlashda ishlatiladigan boshqa xom ashyolar ashyoviy dalil sifatida olingan.
Bildirilishicha, hozirda ushbu holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi (sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini yoxud tibbiy buyumlarni oʻtkazish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki oʻtkazish, dori vositalarini yoki tibbiy buyumlarni dorixonalardan va ularning filiallaridan tashqarida realizatsiya qilish, shuningdek tarkibida kuchli taʼsir qiluvchi moddalar mavjud boʻlgan dori vositalarini retsept boʻyicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring