Namanganda “Adliya bogʻi” tashkil etildi
Foto: “Xalq soʻzi”
Yurtimizda davom etayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasining kuzgi koʻchat ekish mavsumiga Namangan viloyat adliya boshqarmasi jamoasi ham faollik bilan qoʻshildi. Ular kuchi bilan Pop tumanidagi katta yoʻl yoqasida boʻsh turgan bir yarim gektar maydonda “Adliya bogʻi” tashkil etiladigan boʻldi. Kecha koʻchat ekishdek ezgu va xayrli ishni soha faxriylari hamda ayni paytda tizimda mehnat qilayotgan xodimlar boshlab berdilar.

— Bugun biz mehr bilan oʻtqazayotgan nihollar ildiz otib, bu joy hademay yashillikka burkangan ajoyib maskanga aylanadi, — deydi uzoq yillar sohada mehnat qilib ayni paytda keksalik gashtini surayotgan Nurmuhammad aka Hakimov. — Koʻchatlarning hamkasblarimiz tomonidan doimiy nazoratiga olinishi ularning toʻla koʻkarishi va baravj rivojlanishi uchun kafolat beradi.

Boʻlajak bogʻga 7 ming tupdan ziyod koʻchatlarni joylashtirish rejalashtirilgan. Kuni kecha oʻtkazilgan hasharda 1000 tupga yaqin mevali va manzarali daraxt koʻchatlari ekildi. Ezgu niyat bilan yaratilayotgan bogʻ atrof-muhitga musaffolik, koʻngillarga zavq baxsh etadigan kunlar yaqin.
Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring