Namanganda 920 mln soʻmlik sifatsiz tamakining savdoga chiqarilishi toʻxtatib qolindi
Namangan viloyatida aksiz markasiz tamaki mahsulotlarini muomalaga kiritilishining oldi olindi. Bu haqida Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Namangan viloyati boshqarmasi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida tezkor tadbir oʻtkazilgan.
Unda tamaki mahsulotlarining noqonuniy savdosi bilan shugʻullanib kelgan fuqaro B.N. oʻzining “KIA BONGO” rusumli yuk avtotransportida umumiy bahosi 920 mln soʻmlik chet elda ishlab chiqarilgan 60 000 quti aksiz markasiz tamaki mahsulotlarini keyinchalik oʻtkazish maqsadida Chust tumani, “Toshqoʻrgʻon” MFY hududidagi xonadonga olib kelgan vaqtida ushlanib, ushbu tamaki mahsulotlari ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-1-moddasi (etil spirti, alkogolli mahsulot va tamaki mahsulotini qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish yoki ishlab chiqarish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring