Namanganda 700 million soʻmlik sifati kafolatlanmagan dori vositalarining muomalaga chiqarilishining oldi olindi
Namangan viloyatida sifati kafolatlanmagan dori vositalarini muomalaga chiqarish holati fosh etildi. Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Chortoq tumani boʻlimi va soliq inspeksiyasi xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda dorixonalardan birida qonunbuzarlik holati aniqlandi.
Xususan, “K.H.” MCHJ rahbari I.A. “Beshkapa” mahallasi hududida joylashgan dorixonasida sifati va yaroqliligini tasdiqlovchi hujjatlari boʻlmagan, umumiy bahosi 700 million soʻmga teng boʻlgan 1 597 turdagi dori vositalarini savdoga qoʻyganligi maʼlum boʻldi. Ushbu dori vositalari belgilangan tartibda ashyoviy dalil sifatida olindi.
Aniqlangan holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi, yaʼni sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini yoxud tibbiy buyumlarni oʻtkazish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki oʻtkazish bilan bogʻliq jinoyat alomatlari boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Hozirda ushbu ish boʻyicha tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mazkur holat dori vositalari muomalasidagi nazoratning kuchaytirilishi zarurligini yana bir bor tasdiqladi. Shuningdek, aholi salomatligiga tahdid soluvchi bu kabi holatlarning oldini olish maqsadida dorixonalar faoliyatidagi qonunbuzilishlarga qarshi kurashish borasida mutasaddi idoralar tomonidan tizimli ishlarni davom ettirish muhim hisoblanadi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring