Namanganda 19 million soʻmdan ziyod maosh oladigan oʻqituvchilar bor

16:48 25 Yanvar 2024 Jamiyat
737 0

Zamira Hamidova Namangan tumanidagi 15-umumtaʼlim maktabining 24 yillik tajribaga ega fransuz tili fani oʻqituvchisi. U oʻzi taʼlim berayotgan har bir oʻquvchining, albatta, mukammal bilim olishi va munosib natijaga erishishi kerak, degan maqsad bilan ishlaydi, izlanadi, shu yoʻlda tashabbuslarga intiladi. Oliy malaka toifasiga ega muallima C1 sertifikati, vazir hamda direktor jamgʻarmalaridagi qoʻshimcha ustamalar bilan birgalikda ayni paytda 19 mln 300 ming soʻm oylik maosh olayotir. Keyingi paytlarda uning sabogʻini olgan 20 dan ziyod oʻquvchi Yevropaning nufuzli oliy taʼlim dargohlarida tahsil olmoqda.

Yana bir tajribali muallima — Kosonsoy tumanidagi 18-umumtaʼlim maktabining ingliz tili fani oʻqituvchisi Nigora Egamovaning intilishlari ham ibratga loyiq. Oʻz fani boʻyicha Turkiyadagi simpozium ishtirokchisi, oʻndan ziyod tarjimalar muallifi, TESOL, TEFL, APTIS kabi xalqaro va CEFR milliy sertifikatiga egasining 20 dan ortiq shogirdlari IELTS dan 6,5 ballik natijaga erishgan.

2022-yilda Prezident sovrini uchun oʻtkazilgan “Xorijiy tillarni oʻqitish boʻyicha eng yaxshi maktab” tanlovida u ishlayotgan taʼlim dargohi tumanda 3-oʻringa loyiq topilib 50 million, 2023-yilda xuddi shu tanlovda 1-oʻrinni qoʻlga kiritib, 100 million soʻm pul mukofotiga ega boʻldi. Ayni paytda 19 million 800 ming soʻm maosh olayotgan Nigora joriy yilning mart oyida AQSHning Florida shtatida boʻlib oʻtadigan butunjahon ingliz tili fani oʻqituvchilarining xalqaro konferensiyasida ishtirok etish uchun tayyorlanmoqda.

— Mehnat va izlanishlariga yarasha yuqori maosh olib ishlayotgan muallimlarimiz safi tobora kengayib bormoqda, — deydi Namangan viloyati maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari Muzaffar Isayev. — Ayni paytda oyiga 12 million soʻm va undan koʻproq ish haqi olayotgan 70 nafardan ziyod fan oʻqituvchilarimiz faoliyati bunga misol.

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер