Namangan viloyatida Tadbirkorlar kengashi ish boshladi

18:15 16 Fevral 2023 Jamiyat
1116 0

Foto: Xalq so‘zi

Davlatimiz rahbari 2022-yil 20-dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasida Namangan viloyati tadbirkorlariga yuqori baho berib, “Namangan tadbirkorlik boʻyicha respublikada birinchi”, deb eʼtirof etgan edi.

Darhaqiqat, Namangan viloyatida iqtisodiyotning mustahkam tayanchiga aylangan ushbu soha taraqqiyotiga doimiy eʼtibor qaratilmoqda. Natijalar esa yildan-yilga yuqorilab boryapti. Buni, jumladan, soʻnggi besh yilda sanoat, xizmatlar va tadbirkorlikning boshqa sohalarida “katta sakrash” boʻlgani ham tasdiqlaydi. Ayni vaqt ichida korxonalar soni 15 mingtaga koʻpayib, 32,5 mingtaga yetdi. Oʻtgan yilning oʻzida ular safiga 5500 ta yangi tadbirkorlik subyektlari qoʻshildi. Bu davrda xususiy biznes vakillari tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulot hajmi 1,6 baravarga oshdi. “Namangan tajribasi” sifatida shahar va tumanlarda tashkil etilgan 72 ta kichik sanoat zonalarida bugungi kunga qadar qiymati 4,8 trillion soʻmlik 650 tadan ortiq loyihalar amalga oshirilib, ushbu korxonalar tomonidan 38 mingta yangi ish oʻrinlari yaratildi.

Joriy yilning 3-fevral kuni Namangan viloyatiga tashrif chogʻida davlatimiz rahbari tomonidan hududning tadbirkorlik salohiyati , biznes uchun yaratilgan qulay sarmoyaviy muhit yana bir bor eʼtirof etilib, bu yerda yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda viloyatni ishsizlikdan xoli hududga aylantirish maqsadida “Tadbirkorlar kengashi”ni tashkil etish topshirigʻi berilgan edi.

Kuni kecha viloyat markazidagi “Barkamol avlod” yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasida ana shu Kengashning taʼsis yigʻilishi oʻtkazildi. Ochiq muloqot shaklida tashkil etilgan tadbirda Kengashning faol tadbirkorlar va klaster rahbarlaridan iborat tarkibi tasdiqlanib, amalga oshiriladigan dolzarb vazifalar belgilab olindi.

Taʼsis yigʻilishida Namangan viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov ishtirok etdi.

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер