Namangan viloyatida paxtachilikdan olinadigan sof foyda 444 milliard soʻmdan ortadi

12:39 18 Noyabr 2022 Jamiyat
620 0

Foto: Xalq so‘zi

Dehqonlarimizning aytishicha, bu yil chindanda “Paxta yili” boʻldi. Buni Namangan viloyati boʻyicha 63 ming 406 gektar maydondan 222,2 ming tonna yuqori sifatli sanoat xomashyosi yigʻib-terib olingani misolida ham koʻrish mumkin. Barvaqt marradan oshgan Mingbuloq, Pop, Chortoq, Namangan, Toʻraqoʻrgʻon, Chust, Norin tumanlarida belgilangan shartnomaviy rejadan tashqari qoʻshimcha 9599 tonnadan ortiq paxta hosili olindi.

Aytish kerakki, agrar tarmoqqa ilgʻor texnologiyalarni joriy etish orqali paxta hosildorligi yil sayin oshib bormoqda. Joriy mavsumda viloyatda gektarlar samaradorligi 35 sentnerdan oʻtdi. Bu koʻrsatkich besh yil avvalgidan 10,4 sentner yuqoridir.

Paxtachilik rivojida sohada klaster boshqaruvining oʻrni katta boʻlayotganini taʼkidlash joiz. Chigit ekishdan tortib tayyor mahsulotga qadar boʻlgan agrotexnik jarayonlar zanjiri dehqon-fermerlar manfaatdorligini kafolatlagani bilan ahamiyatli. Bugungi kunda mavjud klasterlarning barchasi oʻzining qayta ishlash korxonasiga egaligi natijasida viloyat toʻqimachilik korxonalarini yuqori sifatli tola va isteʼmol bozorini ikkilamchi mahsulotlar bilan uzluksiz taʼminlashga erishilmoqda.

Hosil yigʻim-terimi bosqichma-bosqich texnika zimmasiga oʻtkazilayotgani oʻz natijasini bermoqda. Oʻtgan yili viloyatda 46 ta terim mashinasi jalb etilgan boʻlsa, bu yil ular soni 74 taga yetkazildi va 50 ming tonnaga yaqin hosil “poʻlat etak”lar yordamida saranjomlandi.

Bugun mavjud 1 ming 778 ta fermer xoʻjaligining 1 ming 360 tasi shartnomaviy rejani toʻliq uddallagan boʻlib, ularni yuqori moddiy manfaatdorlik kutmoqda. Umuman olganda, dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, viloyat paxtachiligida sof foyda 444 milliard 950 million soʻmdan ortishi koʻzda tutilyapti. Bu mablagʻlar aholi turmush darajasini oshirish, ijtimoiy himoyani kuchaytirish, joylarda infratuzilmani yaxshilash, hudud iqtisodiyotini yanada rivojlantirish maqsadlariga xizmat qiladi, albatta.

 

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер