Namangan viloyatida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari bartaraf etildi — DXX
Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamenti hamda “Oʻzenergoinspeksiya” viloyat boshqarmasi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan faol tadbirda Namangan shahridagi tikuvchilik faoliyatiga ixtisoslashgan MCHJga qarashli xonadonda elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holati aniqlandi. Unda MCHJ masʼullari tomonidan elektr hisoblagichdan tashqari tarmoqqa yashirin ravishda ulangan holda foydalanib kelinishi natijasida 422 mln. 897 ming soʻmlik elektr energiyasi talon-toroj qilingan.
Namangan shahrida kuzatilgan boshqa holatda esa savdo va umumiy ovqatlanish shahobchasi binosida elektr energiyasidan foydalanishning qonuniyligi yuzasidan tekshirish ishlari olib borildi. Natijada, mazkur binoda tijorat maqsadida elektr tarmogʻiga ulanib, hisoblagich koʻrsatkichlarini oʻzgartirish maqsadida unga tashqi aralashish yoʻli bilan taʼsir oʻtkazib, qonunga hilof ravishda 113 mln. 741 ming soʻmlik elektr energiyasi talon-toroj qilinganligi aniqlandi.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring