Namangan viloyati hokimi Moskvada mehnat migrantlari bilan uchrashdi
Foto: “Xalq so‘zi”
Ayni paytda Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov boshchiligidagi delegatsiya Rossiya Federatsiyasida bo‘lib turibdi. Joylarda o‘tkazilayotgan muzokaralarda yirik kompaniya va tadbirkorlik subyektlari bilan o‘zaro manfaatli shartnomalar imzolanmoqda. Kuni kecha delegatsiya Moskva viloyati Kotovo posyolkasida joylashgan aksiyadorlik jamiyati shaklidagi «PIK-INDUSTRIYA» korxonasida bo‘ldi. Ushbu korxona temir-beton mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan bo‘lib, hozirgi kunda bu yerda 238 nafar vatandoshlarimiz, shu jumladan, 160 nafar namanganliklar qonuniy mehnat faoliyati bilan shug‘ullanmoqdalar.
Viloyat hokimi tashabbusi bilan vatandoshlarimiz uchun tushlikka o‘zbekona osh tortildi. Ish jarayonida namanganliklar bilan suhbatlashgan viloyat rahbari ularga o‘z sovg‘alarini taqdim etdi.
Shuni alohida taʼkidlash joizki, mamlakatimizda Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi tashkil etilishi, uning hududlarda filiallari ochilishi, xorijiy mamlakatlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik qilish vakolatlari berilishi orqali qonuniy migratsiya taʼminlanib, xorijda faoliyat yuritayotgan yurtdoshlarimizga har tomonlama munosib ish joylari, shart-sharoitlar yaratilishiga davlatimiz tomonidan eʼtibor qaratilmoqda.
- Ish joyimiz, mehnat haqimiz, xavfsizligimiz kafolatlangan. Biz uyimizdan olisda ham davlatimiz himoyasida ekanimizni sezib turamiz, - deydi namanganlik yigitlar suhbat chog‘ida.
Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq so‘zi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring