Namangan va Ozarbayjon hamkorligi kengaymoqda
Qudratilla Najmiddinov/“Xalq soʻzi”. Namangan tekstil kompaniyasi Ozarbayjonda paxta klaster tizimini yoʻlga qoʻymoqda. Ayni masalaga joriy yilda boʻlib oʻtgan “II Oʻzbekiston—Ozarbayjon Hududlararo Forumi”da asos solingan edi. Namangan viloyatining TST Textile group kompaniyasi Imishli tumanida 5826 gektar yerga paxta ekadi. Mingechevir tumanida 54 million dollarlik paxtani qayta ishlab chiqaruvchi fabrikalar barpo etiladi.
— Ayni paytda biz uchun ajratilgan maydonda ishni boshlab yubordik, — deydi TST Textile group rahbari Abdulvoris Yoʻldoshev. — Ozarbayjon qishloq xoʻjaligida paxtachilik bilan azaldan shugʻullanishadi. Hamkorlik tajribalarni uygʻunlashtirib, soha rivojiga yangilik olib kiradi.
Maʼlumot oʻrnida, ozar qardoshlarimiz ham Namanganda qishloq xoʻjaligida qator loyihalarni amalga oshirmoqda. Jumladan, Toʻraqoʻrgʻon tumanida qiymati 15 million dollarlik “Zamonaviy logistika markazi, muzlatgichli omborxona hamda intensiv bogʻ” tashkil etish, shuningdek, viloyat boʻyicha tekstil mahsulotlari va quruq mevalarni eksport qilish borasida ikkita 11 million dollarlik shartnomalar imzolangan. Bundan tashqari, “Namangan city” da 50 million dollarga bino va inshootlar bunyod etiladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring