Namangan teatrida yangi asarlar premyerasi
Qudratilla NAJMIDDINOV/“Xalq soʻzi”. Namangan viloyat musiqali drama teatri oʻzining 93-mavsumini yangi asarlar premyerasi bilan boshladi. Ijodiy jamoa yaqinda sahnalashtirgan Uygʻunning “Zebuniso” pyesasi asosida qayta ishlangan drama va Haydar Muhammadning oʻzbek xalq ertaklari negizidagi “Hazilkash shoh” ertak-komediyasi ilk taqdimotdayoq tomoshabinlarni oʻziga jalb etgani yaqqol sezilib turdi.

Bu eng avvalo, har ikki spektakldagi aktyorlarning ijro mahorati, qolaversa, sahnaning asar voqealariga mos ravishda ustalik bilan bezatilgani natijasi, deya baholasa toʻgʻri boʻladi. Yangi mavsumni ochib bergan spektakllar namoyishiga kirgan tomoshabinlar soni dastlabki kunning oʻzida 500 kishidan ortgani ham fikrimizni tasdiqlaydi.
— Viloyatimizdagi davlat muassasalari, boshqa mehnat jamoalari va mahallalarda har oyning bir sanasi “Teatr kuni” sifatida belgilab qoʻyilganligi sanʼatning ushbu turiga ishtiyoqmand hamyurtlarimiz safini tobora kengaytirmoqda, — deydi teatr direktorining oʻrinbosari Nuriddinxoʻja Abdulhamidov. — Ularga namoyish etadigan spektakllarimiz yetarli — ayni paytda repertuarimizda 20 dan ziyod asarlar bor.

Aytish lozimki, teatrning sentyabr oyi uchun tomoshalar portfelida asosan taʼlim va sogʻliqni saqlash muassasalari tomonidan berilgan buyurtmalar koʻproq. Oliy oʻquv yurtlari, umumtaʼlim maktablari hamda shifoxonalar maʼmuriyatlari oʻz ishchi-xizmatchilari va ularning oila aʼzolari boʻsh vaqtini ibratxonadagi maʼnaviy hordiq bilan toʻldirishni koʻzda tutishgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring