Namangan shahrini ozoda saqlash uchun raqamlashtirilgan texnologiyalardan foydalanilmoqda

16:17 02 Noyabr 2023 Jamiyat
174 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Ayrim fuqarolarning tungi vaqtlarda koʻzni shamgʻalat qilib yoʻl boʻylari va ariqlar yoqasiga chiqindilarni agʻdarib ketish holatlari koʻplab kuzatilmoqda. Bunday koʻrinishlarga chek qoʻyish maqsadida viloyat markazining 12 ta hududiga tartibbuzarlarni qayd etishga yoʻnaltirilgan nazorat kameralari oʻrnatildi. Qurilma xotirasiga tushgan tasvirlardan kelib chiqib, belgilanmagan joyga chiqindi tashlagan fuqarolar va haydovchilar shaxsiga huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan aniqlik kiritilmoqda.

Misol uchun, oʻz doʻkonidan yigʻishtirilgan chiqindi toʻplamini yonginasidagi koʻcha boʻyiga uloqtirgan fuqaro Q. Abdullo va Madaniy maorif mahallasida yashovchi S. Nodirbekning hovlisidan chiqqan chiqindini yengil avtomobilida olib borib belgilanmagan joyga tashlashi bilan bogʻliq xatti-harakatlari nazorat kamerasiga muhrlangan. Umuman olganda, oʻtgan oyning oʻzida joylarda 104 nafar fuqaroning shu singari qonunbuzarliklari raqamli texnologiyalar orqali fosh qilindi.

Shaxsiga aniqlik kiritilgan fuqarolarga Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 91-1-moddasiga asosan chora koʻrilmoqda. Yaʼni, ulardan bazaviy hisoblash miqdorining bir barobari hajmida jarima undirilyapti.

— Nazorat kameralari oʻrnatilishi bilan belgilanmagan joylarga chiqindi tashlash holatlari keskin kamaydi, – deydi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligining Namangan viloyati boshqarmasi masʼul xodimi Ikromjon Orifjonov. – Masalaning ayni jihatidan kelib chiqib, ushbu amaliyotni tumanlarda ham keng joriy etish koʻzda tutilmoqda. Bunda maxsus qurilmalar   aholi istiqomatgohlaridan tashqari daraxt va butalarga zarar yetkazilishi mumkin boʻlgan hududlarga ham oʻrnatiladi.

                                                                                Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер