Namangan shahrida zamonaviy yer osti chiqindi jamlash maskanlari barpo etilmoqda

13:39 16 Mart 2026 Jamiyat
216 0

Ixcham va samarali shunday qurilmalarning dastlabkisi viloyat markazidagi “Obi hayot” mahallasining 24/7 tartibida ishlash uchun qayta qurilayotgan koʻchasida joylashtirilmoqda. Loyihaga koʻra, bu yerda har biri 500 kilogramm sigʻimga ega 6 ta chiqindi qutilari yer ostiga oʻrnatiladi. Ularning ustki qismi hudud koʻrinishiga mos tarzda tartibli va zamonaviy koʻrinish oladi. Hozirga qadar qurilmalarning uchtasi bitkazildi.

— Loyiha yakuniga yetishi bilan ushbu maskan 3 tonnagacha chiqindini yer ostida jamlash imkoniyatiga ega boʻladi. Ishlash tartibiga koʻra, yirik hajmdagi qutilar toʻlishi bilan maxsus qurilma avtomatik tarzda “Musaffo iqlim” masʼuliyati cheklangan jamiyati hamda boshqarmamizga signal yuboradi va chiqindilar maxsus mashinada belgilangan poligonga olib ketiladi, — deydi viloyat ekologiya va iqlim oʻzgarishi bosh boshqarmasi boshligʻi Shuhrat Maksumov. — Yaqin vaqt ichida bunday maskanlarni shahar tarkibidagi Yangi Namangan va Davlatobod tumanlariga ham oʻrnatish rejalashtirilgan.

Aytish lozimki, respublikamizning Toshkent va Samarqand shaharlarida muvaffaqiyatli qoʻllanilgan ushbu yangilikning Namanganda ham joriy etilishi ayni paytda shaharda kun tartibidagi oʻtkir masalalardan biri boʻlib turgan chiqindi boshqaruvi tizimini takomillashtirishga xizmat qiladi.

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер