Namangan osmonida mushaklar porladi

18:17 30 Avgust 2023 Jamiyat
738 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Viloyat ahli mamlakatimiz mustaqilligining 32 yilligini katta koʻtarinkilik va munosib mehnat muvaffaqiyatlari bilan kutib olmoqda. Kecha oqshom Davlatobod tumanidagi “Afsonalar vodiysi” tematik parkida “Yangi hayot uchun, Yangi Oʻzbekiston uchun” shiori ostida bayramning bosh tadbiri oʻtkazildi. Unda viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov ishtirokchilarni qutlugʻ ayyom bilan qutlab, hududda aholi uchun munosib turmush sharoiti yaratish borasidagi keng koʻlamli ishlar, iqtisodiy taraqqiyot odimlari haqida toʻxtaldi.

Darhaqiqat, barcha sohalardagi oʻzgarish va yangilanishlardan koʻngil yayraydi. Misol uchun, viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, mahallalar infratuzilmasini yaxshilash uchun bu yilgidek katta mablagʻ ajratilgan emas. Buni yil boshidan buyon barcha dasturlar doirasida 1671 ta obyektni obodonlashtirish, qurilish va taʼmirlash ishlariga 3,2 trln. soʻmdan ziyod yoki oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 1,7 trln. soʻm koʻp mablagʻ yoʻnaltirilganida koʻrish mumkin. Shu hisobdan aholi uchun koʻplab turarjoy binolari, ijtimoiy inshootlar barpo etilib, yoʻllar ravonlashtirildi, infratuzilmaning boshqa tarmoqlarida qurilish ishlari amalga oshirildi.

— Hayotimiz inson qadrini oshirish, uning roziligiga erishish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar bilan mazmunli kechmoqda, — deydi bayrami ishtirokchisi, Kosonsoy tumanidagi 9-ixtisoslashtirilgan umumtaʼlim maktab-internati direktori Maʼmurajon Sultonova. – Ayniqsa, Vatan taraqqiyoti yoʻlidagi fidoyi mehnat munosib bahosini olayotganligi eʼtiborga molik. Chunonchi, qutlugʻ sana arafasida Davlatimiz rahbari Farmoni bilan menga “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan xalq taʼlimi xodimi” faxriy unvoni berilganligi qadrdon jamoam, oila aʼzolarim uchun ajoyib tuhfa boʻldi.

Tantanalar viloyat va respublika sanʼat ustalarining katta gala-konserti va teatrlashtirilgan tomosha chiqishlari bilan ishtirokchilarga zavqli onlarni hadya etgan boʻlsa, yakunda porlagan mushaklar osmonni turfa ranglarga toʻldirib, bayram shukuhiga shukuh bagʻishladi.

                                                                      Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер