Namangan muhandislik-qurilish instituti xalqaro miqyosda eʼtirof etildi

17:27 06 Iyul 2023 Jamiyat
711 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Britaniyaning “Times Higher Education” agentligi tomonidan 2023-yil uchun eʼlon qilingan yosh universitetlar reytingi — “Young Universities Ranking”da Namangan muhandislik-qurilish institutining eʼtirof etilishi jamoa uchun ajoyib xushxabar boʻldi. Ushbu nufuzli reytingda tashkil topganiga 50 yil va undan kam boʻlgan dunyoning eng yaxshi oliy taʼlim muassasalari keltirib oʻtilgan. Koʻrsatilgan oliy oʻquv yurtlari taʼlim, tadqiqotlar, bilimlar almashinuvi va xalqaro aloqalar kabi 13 ta koʻrsatkich boʻyicha baholangan.

Taʼkidlash lozimki, “Young Universities Ranking” joriy yilgi reytingidan dunyoning jami 605 ta universitet va instituti oʻrin oldi. Unda Singapurning Nanyan texnologiya, Gonkongning fan va texnologiyalar hamda Fransiyaning Paris Sciences et Lettres universitetlarini peshqadamlar qatorida koʻrish mumkin. Roʻyxatga Oʻzbekistondan 12 ta oliy oʻquv yurti kiritilgan boʻlib, ular orasida Namangan muhandislik-qurilish instituti toʻrtinchi oʻrinda qayd etilgan.

— Faoliyatimizning xalqaro miqyosda baholanishining mustahkam asoslari bor, albatta, — deydi OTMning ilmiy tadqiqotlar, innovatsiyalar va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash boʻlimi boshligʻi Dilshod Abduvahobov. – Birgina ilmiy tadqiqotlar sohasidagi ishlarni olib koʻraylik. Davlat grantlaridan foydalanish borasida 2023-yilning oʻzida professor-oʻqituvchi hamda iqtidorli talabalarimiz tomonidan jami 9 ta – 2 milliard 843 million soʻmlik qiymatdagi loyiha amalga oshirilmoqda. Shu yilning birinchi yarmida 21 ta dissertatsiya himoya qilinib, ikki oʻqituvchimiz professor, 8 nafari dotsent ilmiy unvonini oldi. Bu singari quvonarli koʻrsatkichlar xalqaro hamkorlik, iqtidorli talabalar bilan ishlash, davlat stipendiyalariga nomzodlar tayyorlash yoʻnalishlarida ham yaxshilanib bormoqda.

                                                                        Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер