Namangan xalqaro nodavlat universitetining litsenziyasi bekor qilindi
Uchqoʻrgʻon tumanlararo iqtisodiy sudining hal qiluv qarori bilan “NAMXU OTM” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga 2023-yil 10-fevralda nodavlat taʼlim xizmatlarini koʻrsatish faoliyati uchun berilgan 062797-sonli litsenziyasi bekor qilindi. Boʻlib oʻtgan sud majlisi muhokamalarida oliy taʼlim tashkiloti faoliyatida aniqlangan qoʻpol qoidabuzarliklar asosli hujjatlar bilan sudga taqdim etilib, oʻz isbotini topdi.
Maʻlumot oʻrnida, Oliy taʻlim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2023-yil 10-maydagi buyrugʻiga muvofiq tekshiruv oʻtkazilib, unga koʻra universitet tomonidan taʻlim tashkiloti, taʻlim oluvchilar va pedagog xodimlar toʻgʻrisidagi maʻlumotlar vazirlikning “HEMIS” axborot tizimiga kiritilmagani, tashkilotda rektor maslahatchisi shtati birligi joriy etilmagani, talabalarning oʻqishni koʻchirish, qayta tiklash va oʻqishdan chetlashtirish tartibi ishlab chiqilmagani, barcha taʻlim yoʻnalishlari boʻyicha adabiyotlar, shu jumladan 95 foiz adabiyotlarning elektron variantlari yetishmasligi, universitet oʻqituvchilarining 23 nafari ilmiy darajaga ega professor-oʻqituvchilar hisoblansa-da, ular 15 nafarining asosiy ish joyi Namangan davlat universitetida ekanligi, litsenziya talabi boʻyicha bakalavriat taʻlim yoʻnalishlari uchun 35 foiz ilmiy salohiyat belgilangan boʻlsa-da, taʻlim tashkilotida 17 foizni tashkil etishi, ichimlik suvi va kanalizatsiya bilan taʻminlanmagani, tahsil olayotgan 858 nafar talabaga nisbatan taʻlim tashkilotining hududi yetishmasligi kabi holatlar aniqlangan edi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring