Namangan aeroportida “Kargo” tizimi yoʻlga qoʻyiladi
Qudratilla NAJMIDDINOV/“Xalq soʻzi”. Gullar shahri havo darvozasini davlat-xususiy sheriklik asosida boshqaruvga berish masalasi Prezidentimizning joriy yil 25-26-mart kunlari Namangan viloyatiga tashrifi chogʻida dolzarb loyihalardan biri sifatida oʻrtaga qoʻyilgandi. Ayni vazifa ijrosi doirasida xorijiy davlatlarga eksportni rivojlantirishga xizmat qiluvchi “Kargo” tizimini joriy etish muhim ahamiyat kasb etadi. Investorlar bilan oʻtkazilgan muzokaralar natijasida mazkur loyihani “Namangan air solution” korxonasi tomonidan qisqa muddatda amalga oshirish taklifi bildirilib, kelishuvga erishildi.
“Kargo” iborasi asosan dengiz, havo va yer usti transportida katta hajmdagi yuklarni tashishga nisbatan ishlatiladi.
Bugun erta tongda Namangan xalqaro aeroportida eksportni rivojlantirish qaratilgan ezgu ishga kirishildi. Shu munosabat bilan oʻtkazilgan tantanali marosimda tadbirkorlar, nuroniylar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov Prezidentimiz tashabbusi bilan yoʻlga qoʻyilayotgan bu tizimning mintaqa iqtisodiy hayotida, xususan, eksport salohiyatini oshirishdagi ahamiyatiga toʻxtalib shunday dedi:
— Mahalliy mahsulotlarimizni xorijiy davlatlarga havo transporti orqali sifatli yetkazib berish tizimining yoʻlga qoʻyilishi eksport hajmlari koʻpayishi, tashqi bozorga ishlovchi korxonalar sonining ortishi hamda hamkorlik geografiyasini kengaytirish imkonini beradi.
Maʼlumot uchun, hozirgi kunda viloyatda 560 tadan ortiq subyektlar tomonidan ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotlari hamda yetishtirilgan meva-sabzavotlar dunyoning 65 ta davlatiga eksport qilinmoqda. “Kargo” tizimi orqali yana 22 ta davlat bozoriga kirib borish va eksport geografiyasini 90 taga yetkazish koʻzda tutilgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring