Nafaqat yoʻllar, koʻngillar ham birlashdi...
Foto: “Xalq so‘zi”
Andijon viloyati Izboskan va Paxtaobod tumanlari chegarasidan xususiyati nomiga monand “Tentaksoy” oʻtgan. Uning oqimi ob-havo bilan bogʻliq boʻlib, gohida joʻshib oqsa, gohida sokin harakatlanadi. “Qora yantoq” hamda “Choʻrtonliq” mahalla fuqarolar yigʻinlarida istiqomat qiluvchi aholi soyning injiqliklariga koʻnib, koʻnikib yashayotgan boʻlsalar-da, u bilan bogʻliq bir masala hech yechimini topmay kelayotgan edi.
– Qishlogʻimizda 9 ming aholi yashaydi,– deydi “Qora yantoq” MFYda yashovchi mehnat faxriysi Abdurahmon ota Isoqov. – Bir-birimiz bilan bordi-keldi, quda-andachilik qilishimizda bizga bitta koʻprik juda zarur edi. Ota-bobolarimiz ham shu tashvish bilan yashab oʻtganini hisobga olsak, yangi koʻprik qurilib foydalanishga topshirilishi – bu bizning juda koʻp yillik orzuimiz, desak, adashmayman. Bugun shu orzuimiz ushalganidan behad chogʻmiz.
Andijon avtomobil yoʻllari hududiy bosh boshqarmasi tasarrufidagi “Koʻpriklardan foydalanish” unitar korxonasi ishchilari tomonidan barpo etilgan koʻprikning uzunligi 72, eni 7,76 metrni tashkil etadi. Undan 80 tonnagacha boʻlgan yukni bemalol olib oʻtish mumkin.
Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring