Muzqaymoq taʼmiga “garantiya”, sifatiga-chi?
Elyor HAYDAROV/“Xalq soʻzi”. Bu yil yoz juda issiq keldi. Odamlar oʻzini soya-salqin joylarga uradi. Yozning uchinchi oyi yarimladi hamki, issiq tafti pasaymadi. Shunday quyoshli kunlarda issiq taftdan himoyalanishning bir yoʻli bu muzqaymoq tanovul qilishdir. U yozning eng sevimli yeguliklaridan biri sanalishi bejiz emas, chunki undagi shirin taʼm va salqinlik kishining issiqdan horigan vujudini tetiklashtiradi.
Ayni kunlarda ham koʻcha-koʻylar-u doʻkonlarda muzqaymoqqa talab ortgan, bozori chaqqonlashgan. Shu bois muzqaymoq turlari ham koʻpayib, ular orasidagi sifat tafovuti ham yuzaga kelmoqda.
Biz sevib isteʼmol qiladigan muzqaymoq asosan sut mahsulotidan tayyorlanishi sababli tez oʻzgaruvchanlik xususiyatiga ega. Shuning uchun ham uni doim sovuq haroratda saqlash talab etiladi. Agar issiqlik taʼsirida muzqaymoq erisa, qaytadan muzlatib, isteʼmol qilish mumkin emas. Chunki jarayon davomida muzqaymoqning tarkibi oʻzgarib, bakteriyalarni oʻziga jalb qilish xususiyati ortadi. Afsuski, bugun koʻchada ruxsat etilmagan idishlarda muzqaymoq sotish holatlari kuzatilmoqda. Tabiiyki, muzqaymoq solingan idishlar muzlatkich imkoniyatiga ega emas. Shu sababli ichidagi mahsulotni yetarli darajada salqin va sifatli saqlab berolmasligi ham bor gap.
— Bugungi kunda yoʻl-yoʻlakay sotilayotgan muzqaymoqlar koʻpaydi, — deydi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi boshqarma boshligʻi Juman Toʻychiyev. — Oxirgi paytlarda ana shu mahsulotlardan isteʼmolchilarning zaharlanish holatlari yuzaga kelmoqda. Koʻcha-koʻyda sotilayotgan muzqaymoq solingan aksariyat idishlar bugungi kunda sanitariya-gigiyena talablariga javob bermaydi. Bunday plastik idishlarni esa kimyoviy usulda zararsizlantirish imkoniyati ham mavjud emas. Zaharlanish holatlarining oldini olish maqsadida nazorat reyd tadbirlarini olib bormoqdamiz. Mahsulotlardan nazorat tahlili olganimizda koʻchada sotilayotgan muzqaymoq tarkibida stafilokokk bakteriyasi aniqlandi. Qayd etish joizki, koʻp hollarda stafilokokk ikkilamchi infeksiyalarning rivojlanishiga sabab boʻladi. Patogen stafilokokk tushgan sut va sut mahsulotlari: tort, muzqaymoq va boshqa oziq-ovqatlarni isteʼmol qilganda kishi zaharlanishi mumkin.
Yoʻl-yoʻlakay sotilayotgan muzqaymoqlarning qachon va qayerda, qanday sharoitda ishlab chiqarilgani, tarkibi, saqlash muddati hamda sharoiti toʻgʻrisida hech qanday maʼlumot yoʻq. Shuningdek, bu mahsulotni sotayotgan sotuvchilar maxsus kiyim-bosh bilan taʼminlanmagan va ularning tibbiy koʻrikdan oʻtgani toʻgʻrisida maxsus yuritiladigan daftari ham mavjud emas. Talabga koʻra maishiy xizmat koʻrsatuvchi korxonalar, savdo shoxobchalari va oziq-ovqat mahsulotlari savdosi bilan shugʻullanadigan xodimlar har olti oyda tibbiy koʻrikdan oʻtib turishlari zarur.
Darhaqiqat, issiq taftini oluvchi muzqaymoqni xarid qilish jarayonida aholi mahsulot solingan idishning ichki sanitar holatini koʻrmasdan isteʼmol qilishi mumkin. Shu bois mahsulotni xarid qilish jarayonida maxsus qadoq va yorliqlarga ega, muzlatkichlarda saqlanayotgan, barcha maʼlumotlari qadoqda koʻrsatilgan muzqaymoqlarni sotib olish maqsadga muvofiq. Unutmaslik kerakki, nomaʼlum sharoitda tayyorlangan, sifat koʻrsatkichlari sanitariya talablariga mutlaqo javob bermaydigan mahsulotlar oshqozon-ichak faoliyatini buzib, inson salomatligi bilan bogʻliq noxush holatlarni keltirib chiqaradi.
Tabobat otasi Gippokrat muzlatilgan meva sharbati va qiyomini kayfiyatni koʻtaruvchi hamda organizmni tetiklashtiruvchi mahsulot sifatida tavsiya etgan.
— Muzqaymoq asab, nerv va oshqozon-ichak faoliyatining bir maromda kechishida foydali, ammo bu mahsulotni tayyorlashda sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilish juda zaruriy omildir, — deydi Toshkent shahar Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi Ovqatlanish gigiyenasi boʻlimi mudiri Olim Sultonov. — Avvalo, sut mahsulotining qayerdan olib kelingani, veterinariya ekspertizasidan oʻtib, maʼlumotnomaga ega boʻlganmi, shuningdek, epidemiologik vaziyati yaxshi sigirlardan olinganmi, shularga diqqat qaratish darkor. Muzqaymoqni tayyorlaganda, albatta, zarur texnologik jarayonlarga amal qilish, shaxsiy gigiyena qoidalarini qatʼiy bajarish kerak. Agar ishchi-xodimlar yuqori nafas kasalliklari — tonzillit, gaymorit, stomatit bilan kassalangan boʻlsa, bu ishchilarni vaqtinchalik ishdan ozod etib, davolangandan keyin qabul qilish maqsadga muvofiq boʻladi. Bundan tashqari, qoʻlida teri-kassaliklari va panaritsiy boʻlsa, bunday xodimlarni ham ishdan belgilangan tartibda chetlashtirish zarur. Shu bois har bir oziq-ovqat mahsulotini tayyorlaganda xodimlar sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilishlari talab etiladi. Xususan, tozalikni saqlash boʻyicha ishchilar orasida tez-tez profilaktika tadbirlarini oʻtkazib turish zarur. Tozalik oshqozon-ichak kasalliklarining oldini olishda eng samarali va qulay usuldir.
Serquyosh oʻlkamizga yoz chillasi-yu kuz oylari boshida ham muzqaymoq isteʼmoliga talab bor. Gʻildirakli aravachalarda sanitariya-gigiyena talablariga mutlaqo javob bermaydigan tadbirkorlar koʻpayib qolgani hech kimga sir emas. Hozirgi kunda qayerga qaramang, qoʻlbola muzqaymoqlarning koʻchma aravachalar bilan yuruvchi sotuvchilarini uchratasiz.
Xoʻsh, ular yuqorida soʻralgan talablarga qanchalik javob bera oladi? Qoʻlbola usulda tayyorlangan muzqaymoqlar sogʻligʻimizga zararli emasmi? Masʼullar bu holatni oʻrganib, tegishli tavsiyalar berishsa, ayni muddao boʻlardi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring