Mustaqillikka 29 yil: Parlament xalqaro aloqalari rivojining yangi bosqichi
Oʻzbekiston Respublikasining istiqlolga erishgan sanasining 29 yilligini nishonlar ekanmiz, mustaqil mamlakatimiz parlamentarizmi rivojida yuz berayotgan barcha oʻzgarishlar koʻz oʻngimizda namoyon boʻlmoqda. Davlatimiz rahbarining joriy yil boshida Oliy Majlisga qilgan Murojaatnomasida hayotimizning barcha yoʻnalishlarda keng qamrovli xalqaro hamkorlikni yana-da rivojlantirib borish, mamlakatimiz iqtisodiyotiga xorijiy investitsiyalarni jalb etish masalalariga katta ahamiyat qaratildi va parlamentning bu jarayonlaridagi oʻrnining naqadar muhim ekanligini yana bir bor taʼkidlandi.
Globalizatsiya jarayonining chuqurlashib borishi, yuqori texnologiyalarning rivoji yangi bosqichga chiqqanligi sharoitida tashqi siyosiy faoliyat ham jadal surʼatlar muhitida olib borilyapti. Hozirgi zamon xalqaro munosabatlarining borishi, oʻz navbatida, diplomatiyaning anʼanaviy va noanʼanaviy koʻrinishlariga yangi imkoniyatlar ochmoqda va mutlaqo yangi yondashuvlar zarurligidan darak bermoqda.
Maʼlumki, tashqi siyosat maqsadlari va vazifalarini amalga oshirishda parlament diplomatiyasi oʻz oʻrni va ahamiyatiga ega. Parlament diplomatiyasi – ham rasmiy, ham xalq diplomatiyasi xususiyatlarini oʻzida mujassam etadi. Oʻzbekistonning manfaatlarini global va mintaqaviy doirada ilgari surish, yurt obroʻsini yuksaltirish, hamkor davlatlar bilan ikki tomonlama va koʻp tomonlama munosabatlarni yana-da kengaytirish, xorijiy davlatlar parlamentlari, parlamentlararo tuzilmalar va nufuzli tashkilotlar bilan munosabatlarni rivojlantirib borish – Oliy Majlis tomonidan amalga oshiriladigan parlament diplomatiyasining vazifalaridir.
Ayni paytda Oliy Majlis palatalari tomonidan Oʻzbekistonning “Parlament diplomatiyasi konsepsiyasi”ni ishlab chiqish ustidan tizimli ishlar olib borilmoqda. Konsepsiya Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining xalqaro hamkorlik va parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish sohasidagi faoliyatini amalga oshirish mexanizmlari, asoslari, vazifalari va strategik maqsadlarini ifodalovchi huquqiy tizimlarni oʻz ichiga oladi.
2017-yilda qabul qilingan Harakatlar strategiyasiga muvofiq amalga oshirilayotgan chora va tadbirlar natijasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan xorijiy hamkorlar bilan ikki tomonlama va koʻp tomonlama olib borilayotgan hamkorlik aloqalarida bir qator ijobiy oʻzgarishlar roʻy berdi. Bugungi kunda Parlamentlararo Ittifoq bilan hamkorlik munosabatlari tobora rivojlanib borayotganligi, Oʻzbekistonning 2018-yilda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Parlamentlararo Assambleyasida ishtiroki hamda 2019-yilda Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Parlamentlararo Assambleyasiga aʼzoligining toʻliq tiklanganligi koʻptomonlama hamkorlik darajasidagi parlament diplomatiyasining salohiyatini yana-da oshirdi. Kelgusida Oʻzbekiston vakillarining mazkur tashkilotlar tizimida salmoqli oʻrinlarga ega boʻlishi yoki doimiy asosda ishlashi mamlakatimiz nufuzi uchun zarur omildir va shu bilan birga jahon va mintaqa miqyosidagi dolzarb masalalar va muammolarning ijobiy hal etilishida ahamiyatlidir.
Ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish maqsadida Qonunchilik palatasi tomonidan Markaziy Osiyo, MDH, Yevropa, Osiyo, AQSH va Kanada kabi xorijiy mamlakatlar parlamentlari bilan 42ta doʻstlik va hamkorlik guruhlari tuzilgan boʻlib, parlament faoliyatiga doir oʻzaro tajriba almashishga faol kirishilgan. Shuningdek, Yevropa parlamenti bilan hamkorlik masalasi ham palatamiz xalqaro faoliyatining muhim yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi. Oʻzbekiston – Yevropa Ittifoqi Parlament hamkorligi komissiyasining yangi tarkibi tomonidan oʻzaro konstruktiv muloqot oʻrnatilishi koʻzda tutilgan.
Parlament diplomatiyasining tashqi siyosatda tutgan oʻrni va ahamiyatining oshib borishi har bir davlat parlamenti vakillari oldiga yangicha yondashuv va ustuvor vazifalarni qoʻymoqda. Bugun, doʻstona, ochiq, pragmatik, oʻzaro manfaatli va konstruktiv tashqi siyosat yuritish gʻoyasi barcha parlament aʼzolarini birlashtirib turibdi. Shu oʻrinda aytish joiz, Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalarining maqsad va gʻoyalari, yondashuvlarida sezilarli farq boʻlsa-da, yurt tinchligi, barqarorligi va xalq farovonligi yoʻlida parlamentning xalqaro faoliyatini yuritishda, eng avvalo, milliy manfaatlar koʻzlanadi. Ishonch bilan aytish mumkinki, Qonunchilik palatasi deputatlarining tashqi siyosiy faoliyatga mansub ishlari Oʻzbekiston mustaqilligini mustahkamlashda munosib oʻringa ega boʻlib boradi.
Dilorom FAYZIYEVA,
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi Xalqaro ishlar va
parlamentlararo aloqalar qoʻmitasi raisi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring