Muqaddam bir necha bor sudlangan shaxs yana firibgarlik bilan qoʻlga tushdi
600 ming dollar talab qilgan firibgar qoʻlga olindi. Bu haqida “Xavfsizlik” Telegram-kanali xabar berdi.
Unda aytilishicha, Davlat xavfsizlik xizmatining Buxoro viloyati boʻyicha boshqarmasi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida tezkor tadbir oʻtkazilgan.
Maʼlum boʻlishicha, Sirdaryo viloyatining Sirdaryo tumanida yashovchi, 1973-yilda tugʻilgan xususiy tadbirkor Buxoro viloyatining Peshku tumani hududidagi oltin va boshqa qimmatbaho metallarga ega boʻlgan davlat zaxirasidagi 290 gektar yer maydonini oʻzining mansabdor tanishlari yordamida auksion savdolari orqali olib berishni vaʼda qilib, Shofirkon tumanida istiqomat qiluvchi, 1983-yilda tugʻilgan fuqarodan 600 ming AQSH dollari talab qilgan.

Tezkor tadbir davomida muqaddam firibgarlik jinoyati uchun bir necha marotaba sudlangan mazkur shaxs oldindan 230 ming AQSH dollari va 840 million soʻm olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olingan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan qonunbuzarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 25,168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanilgan. Tergov harakatlari boshlab yuborilgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring