Muhim loyiha natijalari taqdimoti

10:23 29 May 2023 Jamiyat
580 0

Adliya vazirligida Bosh prokuratura, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va KPMG Audit” (Oʻzbekiston) kompaniyasi ekspertlari ishtirokida tadbir boʻlib oʻtdi.

Tadbirda soʻnggi yillarda mamlakatimizda yoshlar va davlat xizmatchilarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi bilimlarini yanada oshirishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar boʻyicha amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi.

Shuningdek, Adliya vazirligi, Bosh prokuratura va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturining “Oʻzbekistonda samarali, hisobdor va shafof boshqaruv institutlari orqali korrupsiyaga qarshi kurashish” loyihasi koʻmagida “KPMG Audit” (Oʻzbekiston) kompaniyasi ekspertlari ishtirokida amalga oshirilgan “Davlat organlari va taʼlim muassasalarida korrupsiyaga qarshi taʼlim va halollik tizimini yaratish” loyihasi yakunlanganligi va loyiha natijasida tayyorlangan oʻquv materiallari va modullari tarqatildi.

Taʼkidlangandek, ushbu loyiha davlat xizmatchilari, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning xodimlari hamda taʼlim muassasalarining oʻquvchi va talabalarida halollikni mustahkamlash va korrupsiyaning barcha koʻrinishlariga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilgan. Loyiha doirasida taʼlim sohasidagi turli maqsadli guruhlar uchun korrupsiyaning oldini olish boʻyicha oʻquv dasturlari, korrupsiyaga qarshi kurashning zamonaviy mexanizmlari, mansabdor shaxslar va davlat muassasalari xodimlarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi huquqiy savodxonligi va huquqiy bilimini oshirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va sudlar xodimlarini korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida oʻqitish boʻyicha oʻquv kurslari ishlab chiqildi.

Xususan, maktabgacha taʼlim muassasalarida bolalarni korrupsiyaga qarshi tarbiyalash boʻyicha uslubiy qoʻllanma ishlab chiqilgan. Ushbu qoʻllanma 3 ta bob va 6 ta qismdan iborat boʻlib, korrupsiyaga qarshi taʼlim va korrupsiyaga qarshi dunyoqarashni shakllantirishga qaratilgan. Maʼlumotlar, shuningdek, tarqatma va videomaterillar shaklida mavjud. Qoʻllanma maktabgacha taʼlim muassasasida bolalar ongida korrupsiyaga qarshi koʻnikmalarni shakllantirishda, ularni halol va nomusli, korrupsiya kabi salbiy ijtimoiy hodisaga nisbatan murosasizlik ruhida tarbiyalashda tarbiyachilar uchun koʻmakchi boʻladi.

Shohsanam YOʻLDOSHEVA,

OʻzDJTU talabasi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер