Muhammad Yusufni suymagan kim bor...

18:08 25 Aprel 2022 Jamiyat
1220 0

Foto: Халқ сўзи

Oʻtgan asrning soʻnggi choragida oʻzbek adabiyotiga chaqmoq misol kirib kelgan Muhammad Yusuf hayot boʻlganida, ertaga 68 yoshga toʻlardi. U garchi qisqa umr kechirgan boʻlsada, oʻzining betakror sheʼrlari bilan millionlab muxlislarning, butun xalqimizning yuragiga kirib ulgurdi. Shoirning dilbar ashʼori, qoʻshiqqa aylangan sehrli misralari davralarda hamon jarang sochmoqda.

Namangan viloyati Toʻraqoʻrgʻon tumanidagi 58-umumtaʼlim maktabi oʻquvchilari tomonidan shoir tavallud kuni munosabati bilan oʻtkazilgan adabiy kechada ham ana shu kattayu kichikka yod boʻlib ketgan, unutilmas satrlar yana bir bor yangradi.

Aslida Muhammad Yusufning sheʼrini yod olmagan, ularga bastalangan qoʻshiqlarni sevib xirgoyi qilmaydigan yoshlarni topish qiyin. Maktabning oʻzbek tili va adabiyoti muallimalari Nigora Murodova hamda Muqaddas Rustamova, kutubxonachi Muqaddas Qoʻchqorova tashabbusi bilan tashkil etilgan xotira tadbirida adabiyot, sheʼriyatga ixlosi baland boʻlgan oʻquvchilarning chiqishlari orqali bu haqiqat oʻz tasdigʻini topdi. Ishtirokchilar, ayniqsa, 5»A»- sinf oʻquvchisi Musharraf Abulhayevaning jonli ijrosidagi “Oʻzbek ayollari” qoʻshigʻini jon dildan tingladilar.

— Maktabimizda faoliyat koʻrsatayotgan “Umid nihollari” adabiy toʻgaragiga qirqqa yaqin badiiy ijodga moyil oʻquvchilar uyushgan, — deydi taʼlim maskani direktorining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari Rustam Yoʻldoshev. — Muhammad Yusuf singari olovqalb shoirlarimiz sheʼriyati ularga mayoq boʻlgusidir. Koʻpchiligi adabiy mashqlarini mahalliy matbuot, yoshlar va bolalar nashrlarida chop ettirishga ham ulgurishgan. Bugun Oʻzbekiston xalq shoirini yodga olib oʻtkazilgan mushoira oʻquvchilarimizda unutilmas taassurotlar qoldirgani shubhasiz.

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер