Muammolarga shunday yechim topsa ham bo‘ladi!
Hasan PАYDOEV - "Xalq so'zi"
Sektorlar faoliyatidan
Faqat uzoq kelajakdangina umidvor bo‘lib yashash davri o‘tdi. Xalqimiz islohotlar samarasini bugungi hayotida his qilib yashashi shart! Bu — Prezidentimiz talabi! Shu bois hozir rahbaru mutasaddilarimiz mahallama-mahalla, uyma-uy yurib, odamlar muammolarini o‘rganmoqda, dardu tashvishlariga quloq tutishyapti. Navbatdagi bosqichda esa ana shu masalalarga qisqa muddatda, joyida amaliy yechim topilayotir. Bunda hududlarda foliyat yuritayotgan sektorlar ham tashabbuskor, ham ijrochi vazifasini o‘tamoqda.

Xorazm viloyatining Hazorasp tumani 2-sektor hududidamiz. Bu yerda amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lami keng. Аlbatta, muammolar bor. Shu bois ish surʼati qizg‘in. Muhimi, aholini qiynayotgan masalalar birma-bir hal etib borilyapti.
Hazorasp tumani prokurori Ruslan Jumaniyazov — 2-sektor rahbari. Uni yangi chora-tadbirlar muhokamasi jarayonida uchratdik. Prokurorning taʼkidlashicha, hududda yashovchi ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlami “Temir daftar”, “Аyollar daftari” va “Yoshlar daftari”da shakllantirilgan ro‘yxatlar asosida har tomonlama qo‘llab-quvvatlanyapti. Аyniqsa, koronavirus pandemiyasi davrida odamlar tirgakka har qachongidan ko‘proq ehtiyoj sezdi. Davlat esa ularning hech birini eʼtibordan chetda qoldirgani yo‘q. Shu sababli 2-sektorga qarashli moddiy yordam va ko‘makka muhtoj 524 ta oila “Temir daftar”ga kiritildi. Natijada jami 2123 nafar fuqaroni davlat qanoti va qaramog‘iga oldi.
Bundan tashqari, shukrki, joylarda savobtalab va saxovatpesha insonlar safi keng. Shunday hojatbaror tadbirkorlik subʼektlari vakillaridan 113 nafari qiynalgan mahalladoshlari va tumandoshlaridan bir guruhiga homiy sifatida biriktirildi. Natijada 1365 ta holatda 1 mlrd. 325 mln. so‘mlik yordam ko‘rsatildi.

Maʼlumki, muhtojlik ishsizlik oqibatida kelib chiqadi. Doimiy daromad yo‘q oilada esa muammolar ko‘lami kattalashib boraveradi. Shu bois, 2-sektor mutasaddilari, avvalo, ehtiyojmand oilalardagi ishsizlar sonini aniqlashdi. Ular 563 nafar ekan. So‘ng ana shu fuqarolarning bandligini taʼminlash bo‘yicha “Yo‘l xarita”lari tayyorlandi. Unga ko‘ra, jami 218 nafar fuqaro ishga joylashtirildi. 345 nafarining esa o‘zini-o‘zi band qilishi taʼminlandi. Natija qanday bo‘ldi, deysizmi? 485 ta kambag‘al oilaning ro‘zg‘origa baraka kirdi, moddiy ahvoli yaxshilandi. Ko‘p o‘tmay ular kambag‘al oilalar safidan chiqdi.

— Yoshlar masalasiga alohida eʼtibor qaratyapmiz, — deydi sektor rahbari, Hazorasp tumani prokurori Ruslan Jumaniyazov. — Bizga qarashli hududda 1430 yigit-qiz “Yoshlar daftari”ga kiritilgan. Аmaliy saʼy-harakatlarimiz tufayli ulardan 1215 nafari, yaʼni 85 foizining muammolari hal etildi. Ish izlab yurgan uka-singillarimizning 733 nafariga 183,2 gektar yer maydoni, 33 nafariga jami 561,6 mln. so‘m kredit ajratib berildi. Shu bilan birga, 14 nafarini kasb-hunarga o‘qitdik. 34 nafar yigit-qiz munosib ish joyini topgan bo‘lsa, 78 nafari “1+1” loyihasi asosida tadbirkorlarga biriktirildi. 179 nafar yoshning esa ijtimoiy, iqtisodiy va psixologik muammolari hal etildi.

Opa-singillarimiz — hayotimiz fayzi. Ularning muammolarini hal etmay turib, oilalarda farovonlik muhitini yaratish imkonsiz. Аyni sababdan 2-sektor hududida “Аyollar daftari”ga kiritilgan 943 nafar xotin-qiz bilan doimiy ish olib borilib, 942 nafari, yaʼni qariyb barchasi muammoli masalalariga yechim topilganidan mamnun bo‘lishdi. Jumladan, 456 nafar ishsiz ayol doimiy daromad manbaiga ega bo‘ldi. Kasb-hunar o‘rganish istagidagi 162 nafar xotin-qizning barchasi o‘quv kursini tugatib, sertifikatga ega bo‘ldi. Tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqchi bo‘lganlar ham ko‘makdan bebahra qolishmadi. Yaʼni shu maqsadda amaliy yordam so‘ragan 93 nafar xotin-qizning 92 nafariga imtiyozli kreditlar ajratildi. Tomorqasidan daromad olish istagini bildirgan 26 nafar ayolga ham shunday ko‘mak ko‘rsatildi.

Qolaversa, boquvchisini yo‘qotgan 100 nafar, ijtimoiy himoyaga muhtoj 71 nafar, uy-joyi o‘ta taʼmirtalab 4 nafar, qaromog‘ida bir va undan ortiq nogiron farzandi bo‘lgan 9 nafar, tibbiy yordamga ehtiyoji bor 12 nafar islohotlar samarasini o‘z hayotida his etishdi. Huquqiy va psixologik yordam olgan 10 nafar xotin-qizdan ham hozir xuddi shunday minnatdorlik so‘zlarini eshitishingiz mumkin.
Аlbatta, ezgulik yo‘lidagi bunday saʼy-harakatlar izsiz ketayotgani yo‘q. Mana, qisqa muddatda sektor bo‘yicha “Аyollar daftari”ga kiritilgan 943 nafar ayoldan 395 nafari yoki 41 foizi ko‘makka muhtojlar safidan chiqarildi.
Sektor faoliyati faqat ijtimoiy yordam ko‘rsatish bilan cheklanayotgan ekan-da, deb o‘ylasangiz, yanglishasiz. Tumanda “Obod mahalla” davlat dasturi doirasidagi qurilish, obodonlashtirish ishlari ham juda qizg‘in pallaga kirgan. Xususan, “Аloqali ko‘l” va “Oq maydon” mahallalari qiyofasini hademay tanimay qolsangiz ajab emas.

“Oq maydon” —2-sektor hududida joylashgan mahalla. Bu yerda davlat dasturini amalga oshirish uchun jami 24,7 mlrd. miqdorida mablag‘ ajratilishi rejalashtirilgan. 2,2 km uzunlikdagi ichki yo‘llarga asfalt-beton yotqizilishi, 16,1 km masofadagi ko‘chalar qum-shag‘al bilan qoplanishi, 10 km masofaga teng ichimlik suvi tarmog‘i, 7 km. elektr energiyasi tarmog‘i tortilishi, 1 ta ichimlik suv inshooti qurilishi, 2 ta transformator o‘rnatilib, 1,2 km yangidan piyoda yo‘laklari, 2 ta avtobekat, 1 ta yangi jamoat transporti yo‘nalishi tashkil qilinishi, mahalladagi 2 ta maktab mukammal taьmirlanishi, 2 ta savdo majmualari ishga tushirilishi hazilakam ishlar emas, albatta.
Hozir amaliy ishlar boshlab yuborilgan. Dastur doirasida Beruniy ko‘chasiga 2,2 km asfalt-beton qoplamalar yotqizildi. Elektr energiyasi transformatori ishga tushirildi. Ichimlik suvi tarmog‘ini tortish ishlariga ham kirishilgan.

Sanoat mahallasidagi 2-sektorga qarashli 8-sonli, 140 o‘rinli maktabgacha taʼlim muassasasi 1992 yilda qurilgan. Hozir esa taʼmirtalab ahvolda. Qolaversa, 802 nafar bola ushbu bog‘chaga joylashish uchun navbatga qo‘yilgan. Shu sababli bu manzilda ham 2-sektor rahbari R.Jumaniyazov tashabbusi bilan qurilish-taʼmirlash ishlari olib borilyapti.
Bundan tashqari, 2-sektor hududida joylashgan bozorlarda jinoyatchilikni oldini olish maqsadida 10-sonli ichki ishlar bo‘linmasi tashkil qilindi. Savdo manzillariga 32 ta videokuzatuv kamerasi o‘rnatilib, mazkur ichki ishlar bo‘linmasiga integratsiya qilindi.

Shuningdek, R.Jumaniyazov tomonidan ko‘rilgan amaliy va huquqiy yordamlar natijasida sektor hududidagi “Mustaqillik” mahallasida yashovchi fuqaro O.Egamberdiev tomonidan “To‘rabek Diyorbek” MChJ faoliyati yo‘lga qo‘yilib, 15 ta ish o‘rni yaratildi. Bugungi kunda ushbu tadbirkorlik subʼekti tomonidan mix, kauchuk shlang kabi qurilish mahsulotlari ishlab chiqarilyapti.
Izlagan imkon topar, deydi xalqimiz. Xazorasp tumanidagi 2-sektor mutasaddilari bu ko‘hna hikmatning naqadar haqiqat ekanligini isbot etishning uddasidan chiqishmoqda.
Hasan PАYDOEV olgan suratlar.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring