Muammolar nega “bolalab” ketmoqda?
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Samarqand viloyati filiali qoshida “Kelajak liderlari” klubi faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Ilk marotaba tajriba-sinov tariqasida tashkil etilgan ushbu klubda davlat xizmati uchun yangi avlod va rahbarlik lavozimlariga yosh istiqbolli kadrlar zaxirasini shakllantirish maqsad qilingan.
— Klubni tashkil etish tashabbusini davlatimiz rahbari Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasi va Yoshlar forumidagi nutqida ilgari surgan edi, — deydi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Samarqand viloyat hududiy filiali direktori Rustam Qobilov. — Klub aʼzolari toʻrt bosqichdan iborat saralash bosqichlari orqali tanlab olinadi. Ilk tanlovga 518 ta yoshning hujjati qabul qilindi. Nomzodlar orasidan eng munosib 50 nafar lider yoshlar klub aʼzoligiga qabul qilindi. Ularning 18 nafari oliy taʼlim muassasalari talabasi boʻlsa, 32 nafari yosh davlat fuqarolik xizmatchilaridir.
Aytish joizki, endilikda saralangan yoshlar oʻz faoliyatlari davomida jamiyat taraqqiyotiga gʻov boʻlayotgan muammolarni oʻz fuqarolik pozitsiyasini namoyon qilgan holda bartaraf qilishga harakat qilishlari kerak. Bunda liderlar muammolarni “yuqori”ga koʻtarib chiqish emas, balki ularga joyida yechim topishi talab etiladi. Ular faoliyati esa baholanib boriladi.
— Davlat boshqaruvi tizimida rahbarlik koʻnikmasi va strategik maqsadlariga ega, muammolarning ildiziga chuqur kirib bora oladigan, yuqori salohiyatli kadrlar jamiyatimizdagi mavjud masalalarga yechim topishning samarali yoʻli, — deydi “Yuksalish” umummilliy harakati Samarqand viloyat boʻlinmasi bosh mutaxassisi, klub aʼzosi Dilnur Aʼzamov.
TATU Samarqand filiali magistranti Botir Baxtiyorovning maʼlum qilishicha, jamiyatda yechimini kutayotgan muammolar koʻp. Ular ommaviy axborot vositalari orqali, ijtimoiy tarmoqlarda ayovsiz olib chiqilmoqda. Bilasizmi, masalalarning “bolalab” ketayotganligi quyi boʻgʻindagi rahbar kadrlarning boshqaruv tizimiga oid bilim va malakasi yetarli emasligida, deb oʻylayman. Biz, liderlar aholini qiynayotgan muammolar bilan ishlab, ularga yechim topishni oʻrganishimiz va amaliyotda buni isbotlashimiz kerak. Klub mana shu jihatlari bilan ham ahamiyatlidir.
Sarvinoz TURSUNOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi
Yoshlar parlamenti aʼzosi,
OʻzJOKU talabasi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring