Muammolar yechimi — intilish va izlanishda

11:19 19 Iyun 2021 Jamiyat
1931 0

“Shohnigor” mahallasi — Vobkent tumanining olis goʻshalaridan. Bilasiz, chekkadagi qishloqning muammosi ham oʻziga yarasha boʻladi. Yoʻllar oʻnqir-choʻnqir, elektr taʼminotida tez-tez uzilish roʻy beradi. Ichimlik suvi taʼminotini-ku aytmay qoʻya qolaylik.

Ana shunday qiyinchiliklar girdobida qolgan bu goʻsha aholisining yelkasiga oftob tegdi. Ichki yoʻllar taʼmirlandi. 22 kilometr masofaga quvur tortilib, ichimlik suv muammosiga yechim topildi. 148 ta yangi simyogʻoch oʻrnatildi. Uy-joylar taʼmirlandi. “Obod qishloq” dasturi doirasida amalga oshirilgan ishlar evaziga “Shohnigor”ning fayziga fayz qoʻshildi.

— Ishsiz edim, shu tufayli “yoshlar daftari”ga kiritilgandim, — deydi shu mahallada yashovchi Zumrat Bozorova. — Tumanimiz prokurori, 2-sektor rahbari tavsiyasi va koʻmagi bilan menga tikuv mashinasi berildi. Endi uyda ishlab, oʻz-oʻzimni band qilish, oilamizga naf keltirish imkoniga egaman.

Nafaqat Zumrat, balki shu hududda istiqomat qiluvchi J. Teshayev, A. Ergashev, F. Sattorovga ham Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga asosan, zarur asbob-uskunalar subsidiya asosida berildi. Umuman, sektor hududidagi 12 ta MFYda yashovchi “yoshlar daftari”ga kiritilgan 44 nafar yosh har xil turdagi mehnat qurollari va uskunalar bilan taʼminlandi.

Ijtimoiy himoya masalasi ham 2-sektor diqqat-eʼtiborida. Biz tuman prokurori, 2-sektor rahbari B. Sultonovning tashabbusi bilan “Beshrabot” MFY, Choʻrikalon qishlogʻida yashovchi, “temir daftar”da roʻyxatda turuvchi, nogironligi bor fuqaro Azamat Xoʻjaqulovga homiylik yoʻli bilan besh xonadan iborat yangi uy-joy qurilib berilayotgani guvohi boʻldik.

Hisob-kitoblarga koʻra, buning uchun 55 million soʻm sarflanadi. Sektor hududida bu kabi xayrli ishlarni bajarish borasida muayyan tajriba toʻplangan. Shu oʻrinda bir misol. Shirin qishlogʻida yashovchi, “temir daftar”da roʻyxatda turuvchi, boquvchisini yoʻqotgan, nogironligi bor Gulsara Savrinovaga 2-sektor tashabbusi bilan homiylar koʻmagida 4 xonali yangi uy-joy qurib berildi.

— Hududimizdagi 12 ta mahallada 9 ming 549 ta oila istiqomat qilmoqda, — deydi tuman prokurori, 2-sektor rahbari Botir Sultonov. — Aholi soni 37 ming nafar. Fuqarolarni tashvishlantirayotgan masalalarni joyida hal etish, hududni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirish, odamlarning yashash sharoitlarini yaxshilash boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Bandlik — dolzarb masala sanaladi. Sektorning bu yoʻnalishdagi ishlari eʼtiborni tortmay qoʻymaydi. Hududdagi “Vobkent tola klaster” masʼuliyati cheklangan jamiyati, “Ekvatorial Chodak” korxonasi imkoniyatlaridan oqilona foydalanilmoqda. Masalan, loyiha quvvati 28 million yevro boʻlgan “Vobkent tola klaster” masʼuliyati cheklangan jamiyatida hozirgi kunda 459 nafar ishchi ishlamoqda. Ular orasida “temir daftar”, “yoshlar daftari”da turganlar ham bor. Dilobar Abdujabborova ana shularning biri. Eshitish qobiliyatini yoʻqotgan, nogironligi boʻlgan bu qizning dastgohlarni abjirlik bilan boshqarayotganini koʻrib tasanno aytasan, kishi. Toʻrt muchasi sogʻ, ammo boqimandalik kayfiyatiga berilgan ayrim fuqarolarga qatʼiyatli shu qizni oʻrnak qilib koʻrsatsa arziydi.

Aytish joizki, sektor hududidagi 621 ta oila ijtimoiy himoyaga muhtojligi va oilaviy daromad manbalari yetarli darajada boʻlmaganligi sababli “temir daftar”ga kiritilgan. Bu ehtiyojmand oilalarning 750 nafar aʼzosi mehnatga layoqatli, ammo ishsiz edi. Barchasining bandligi taʼminlandi.

621 ta kambagʻal oiladan 589 tasining oilaviy sharoiti ularni ish bilan band qilish, takroriy ekin uchun yer maydonlari berish, imtiyozli kredit mablagʻlari ajratish va boshqa turdagi yordamlar koʻrsatish hisobidan yaxshilanganligi sababli Xalq deputatlari tuman kengashining tegishli qarorlari bilan “temir daftar”dagi roʻyxatdan chiqarildi.

Umuman olganda, hududda har bir ishni «mahallabay» tizimi orqali oli borayotganimiz katta samara beryapti. Qolaversa, mahallalarning “oʻsish nuqta”si, yaʼni drayverini aniqlab olib, shu asosda ish tashkil etilsa, albatta, yaxshi natijalarni qoʻlga kiritish mumkin.

Istam IBROHIMOV
(“Xalq soʻzi”).
Hasan PAYDOYEV olgan suratlar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер