“Moskva energetika instituti” MTUda Vatan himoyachilari kuniga bagʻishlangan bayram tadbiri boʻlib oʻtdi
Foto: “Xalq soʻzi”
Mamlakatimizdagi barcha tashkilot va korxonalarda, mehnat jamoalari, mahallalarda, taʼlim-tarbiya muassasalarida Qurolli Kuchlarimiz tashkil etilganining 32-yilligi hamda Vatan himoyachilari kuniga bagʻishlangan bayram tadbirlari boʻlib oʻtmoqda.
Respublikamizning energetika tarmogʻi uchun yuqori malakali muhandis-texnik kadrlar tayyorlashga ixtisoslashgan “Moskva energetika instituti” milliy tadqiqot universiteti(MTU)da ham ushbu sana munosabati bilan tantanali tadbir tashkil etildi.
Oliygohga taklif etilgan Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Orkestr xizmati alohida namunali-koʻrgazmali orkestr jamoasi tadbir qatnashchilari — mehmonlar, professor-oʻqituvchilar, talaba yoshlarni bayramona ruhdagi musiqa sadolari bilan kutib oldi.
Avvalo aytish kerakki, bu tadbir har galgidan umuman oʻzgacharoq — rasmiylikdan xoli tarzda, talabalar tomonidan tayyorlangan ssenariy asosida oʻtkazilgani bilan eʼtiborlidir. Dastavval orkestr tomonidan ijro etilgan davlat madhiyasiga ehtirom koʻrsatildi.
Teatrlashtirilgan konsert dasturida talaba yoshlar tomonidan harbiy mavzuga bagʻishlangan sahna koʻrinishlari, raqs va kuy-qoʻshiqlar ijro etildi, sheʼrlar oʻqildi. Tadbirda soʻzga chiqqan Vatan himoyachilari, faxriy harbiylar mamlakatimiz Qurolli Kuchlarining jangovar tayyorgarligini takomillashtirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, xalqaro nufuzini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, sohada olib borilayotgan islohotlar haqida soʻz yuritdi.
— Prezidentimizning “Yangi Oʻzbekistonning 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Taraqqiyot strategiyasi toʻgʻrisida”gi Farmoni loyihasida koʻrsatib oʻtilgan yettita ustuvor yoʻnalishlardan biri mamlakatimiz xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirishdan iborat, — deydi “Moskva energetika instituti” MTU ijrochi direktori, professor Hojakbar Daliyev. — Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirish boʻyicha Harakatlar strategiyasi hamda Mudofaa doktrinasi asosida harbiy-maʼmuriy sektorlar tashkil etildi, mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan harbiy xizmatchilarga munosib ish va turmush sharoitlari yaratib berilmoqda. Milliy armiyamizning mintaqaviy, xalqaro reytinglardagi, oʻtkazilayotgan har xil musobaqalardagi koʻrsatkichlari yuqorilamoqda.
— Milliy, mintaqaviy va global xavfsizlikka qarshi har xil tahdidlar yuz berayotgan bugungi kunda xalqimizning tinch va osuda hayot kechirishi, chegaralarimiz butunligi hamda daxlsizligini saqlash har birimizning muqaddas burchimiz, — deydi fizika-matematika fanlari doktori, “Moskva energetika instituti” milliy tadqiqot universiteti fakultet dekani, professor Bahrom Egamberdiyev. — Bu xavf-xatarlar barchamizni ogoh boʻlishga chorlaydi. Shuning uchun Qurolli kuchlarimizning jangovar qobiliyati mustahkamlanmoqda, islohotlar samarasi oʻlaroq milliy armiyamiz har qanday tahdidlarga munosib zarba bera oladigan darajada takomillashtirildi va modernizatsiyalashtirildi. Yoshlarimizni Vatanga sadoqat, mehr-muhabbat ruhida tarbiyalash esa biz oʻqituvchi va murabbiylarning oldida turgan asosiy vazifalardan biridir.
Tadbir soʻnggida talabalarga fidoyilik bilan saboq berayotgan professor-oʻqituvchilar jamoasining bir guruhi, shuningdek, “Xalq va armiya — bir tanu bir jon” shiori ostida Vatan himoyachilari kuniga bagʻishlangan teatrlashtirilgan chiqishlarni tashkil etgan talaba-yoshlar taʼlim muassasasining tashakkurnoma hamda Faxriy yorliqlari bilan taqdirlandi.
Nurulloh Ostonov (“Xalq soʻzi”).
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring