Moʻynoqdagi daraxt koʻchatlari soni yanada ortdi
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Qoraqalpogʻiston Respublikasining Moʻynoq tumanida “Parlament va yashil makon” shiori ostida daraxt ekish aksiyasi oʻtkazildi.
Unda senatorlar, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi deputatlari, xalq deputatlari Moʻynoq tumani kengashi deputatlari, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Qayd etish joiz, soʻnggi yillarda ekologik muammolar global tus olgan sharoitda mamlakatimizda atrof muhitni muhofaza qilish, oʻsimlik va hayvonot olami vakillarini kafolatli himoya qilish, biologik xilma-xillikni asrab-avaylash, eng muhimi, insonlarning qulay ekologik muhitda xavfsiz yashashini taʼminlash masalasi davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylandi. Bu borada mustahkam huquqiy baza yaratilgan.
Boz ustiga soʻnggi yillarda mamlakatimizda Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish, hududning ham ekologik, ham ijtimoiy-iqtisodiy holatini barqarorlashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Orol dengizining qurishi natijasida mintaqada yuzaga kelgan ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik muammolarni bartaraf etishga eʼtibor kuchayib bormoqda. Bundan koʻzlangan maqsad Orolboʻyi mintaqasidagi aholi farovonligini taʼminlash, sogʻligʻini saqlash, taʼlim tizimini rivojlantirish, xalqni daromadlarini koʻpaytirish, hududning investitsiyalar jalb etuvchanligini oshirishdan iborat.
Soʻnggi 6 yil ichida Orol dengizining qurigan tubida 1 mln 800 ming gektar maydonda oʻrmonlashtirish ishlari olib borildi. Bugun dengizning qurigan tubida yashil qoplamalar paydo boʻldi.
Natijada hududning ham ekologik, ham ijtimoiy, ham iqtisodiy barqarorligi taʼminlanib, minglab yangi ish oʻrinlari, yangi tarmoq va sohalar yaratilmoqda. Orol dengizining qurigan tubini oʻrmonlashtirish masalalari jiddiy eʼtibor qaratilayotgani bejiz emas, albatta.
Iqlim oʻzgarishi keskinlashgan, suv tanqisligi, choʻllanish kundan kunga avj olayotgan bir sharoitda choʻl hududlarida yashil qoplamalarni kengaytirish, iqlim moʻtadilligini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Parlament tomonidan ham ekologik muammolar xususiyatidan kelib chiqib, Orol dengizining qurishidan koʻproq aziyat chekayotgan hududda yashil hududlarni kengaytirishga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda. Oʻtgan yillar davomida “Orolga madad” shiori ostida qator aksiyalar oʻtkazilgan edi.
Bu galgi oʻtkazilgan aksiya ham keng jamoatchilik tomonidan keng qoʻllab-quvvatlandi. Aksiya doirasida hududning iqlim sharoitiga mos boʻlgan 500 dan ortiq daraxt va butalar ekildi.
Amalga oshirilayotgan bu kabi ezgu ishlar hududning ekologik barqarorligini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring