Mohd Farid: Oʻzbekiston koronavirusga qarshi kurashda xalqaro muvofiqlashtirilgan harakatlarni amalga oshirishga sodiqdir
Koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq vaziyatda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning aholi xavfsizligi va farovonligini taʼminlash borasidagi saʼy-harakatlari Malayziya keng jamoatchiligi tomonidan ham ijobiy baholanmoqda.
Malayziya islomni tushunish instituti qoshidagi Shariat, fiqh va siyosat markazi direktori Mohd Farid Mohd Shahran shu boʻyicha fikrlarini bildirdi, deb xabar berdi “Dunyo” manbasi.
— Oʻzbekistonda COVID-19 ga qarshi kurashda muhim choralarning tezkorlik bilan qabul qilinishi va hukumatning qatʼiy tutumi oʻz vakolatlari doirasida xalqni himoya qilishga qodir markazlashgan davlatni koʻrish imkonini berdi, — dedi M.Farid. — Shu sababli, Oʻzbekistonda bugun koronavirus bilan zararlanish holatlari dunyoning boshqa mamlakatlari bilan solishtirganda sezilarli darajada quyi koʻrsatkichda.
Pandemiya dunyo iqtisodiyotiga ham sezilarli taʼsir koʻrsatmoqda. Oʻzbekiston esa ushbu vaziyatda koronavirus epidemiyasining mamlakat sanoati, ishlab chiqarishiga salbiy taʼsirini kamaytirish maqsadida Inqirozga qarshi kurashish maxsus jamgʻarmasini tashkil qildi. Buning uchun byudjetdan katta miqdorda mablagʻ ajratildi. Bu davlat rahbarining oqilona siyosati va kelajakni oldindan koʻra bilish qobiliyatidan dalolat.
Bundan tashqari, mamlakatda “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakatini tashkil qilish orqali davlat va xususiy sektorning saʼy-harakatlarini birlashtirish imkoni yaratildi.
Shu kunga qadar Oʻzbekiston yaqin va qoʻshni, koronavirusdan jiddiy zarar koʻrgan mamlakatlarga insonparvarlik yordamini koʻrsatdi. Bu oʻzbek xalqining oliyjanobligi va insonparvarligining yana bir tasdigʻi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining navbatdan tashqari sammitida ishtirok etib, pandemiyaga qarshi kurashish boʻyicha qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi. Bu, oʻz navbatida, Oʻzbekistonning epidemiologik tahdidlarning oldini olish va ularga qarshi kurashishda mintaqaviy, xalqaro miqyosda muvofiqlashtirilgan harakatlarni amalga oshirishga sodiqligini koʻrsatdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring