Misrlik yozuvchi va tarjimon Muhammad al-Jibali “Oʻtkan kunlar” romanini arab tiliga tarjima qilmoqda

16:37 30 Iyul 2023 Dunyo
1412 0

Misrning “Ayn Shams” universiteti professori, yozuvchi, tarjimon Muhammad al-Jibali Abdulla Qodiriyning “Oʻtkan kunlar” romanini arab tiliga tarjima qilishga kirishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Oʻzbekistonning Misrdagi elchixonasi tomonidan maʼlum qilinishicha, joriy yil iyun oyida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini bevosita kuzatgan Muhammad al-Jibali Toshkentda boʻlgani chogʻida Abdulla Qodiriy uy muzeyida boʻlib, yozuvchining nabiralari bilan ushrashgan, Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasida suhbatlar oʻtkazgan, oʻzbek madaniyati va tarixi bilan yaqindan tanishgan edi.

Oʻzbekiston zaminida kechgan uchrashuv va suhbatlar misrlik professorda oʻzbek xalqi va adabiyotiga boʻlgan mehrini yanada kuchaytirganiga shubha yoʻq – shunday soʻng u “Oʻtkan kunlar” romanini ilk marotaba arab tiliga oʻgirishga ahd qildi.

Muhammad al-Jibalining aytishicha, nihoyatda boy adabiy merosga ega oʻzbek adabiyoti durdonalari xorijiy tillarga tarjima qilinmagani uni ajablantirgan. Professor “Oʻtkan kunlar” romanining arab tiliga tarjima qilinishi, nafaqat Misr, balki butun arab dunyosida iliq kutib olinishiga ishonch bildirdi. Bu oʻzbek madaniyati, mintaqa tarixi, oʻzbekona odob-ahloq bilan Yaqin Sharq xalqlarini yaqindan tanitishga misli koʻrilmagan darajada hissa qoʻshadi.

Mutaxassisning ishonch bilan qayd etishicha, arab tilining sinonimlarga nihoyatda boyligi, har bir harakat va holatni turli usullarda tasvirlash xususiyati, xalqlarimizning madaniy-maʼnaviy jihatdan yaqinligi romanning ushbu tarjimasi boshqa xorijiy tillardagi tarjimalaridan sezilarli darajada sifatli boʻlishiga va badiiy goʻzallikni saqlab qolishga imkon beradi.

Romandagi oʻzbekona ruhni aks ettirish, tarjima sifatini oshirish maqsadida tarjima muallifiga mamlakatimizning Misrdagi elchixonasi madaniy masalalar boʻyicha attashesi Otabek Alimov hozirgi paytda Qohirada istiqomat qilyotgan yurtdoshimiz Husan Abdumajidov, taqdir taqozosi bilan bolalik chogʻlaridan buyon Saudiya Arabistonida yashab tahsil olgan vatandoshimiz, yozuvchi va tarjimon Said Mahmud Kosoniy va boshqa hamyurtlarimiz koʻmaklashmoqda. Asardagi baʼzi arab imlosida (eski oʻzbek yozuvi) bitilgan atamalarni asl holida saqlab qolish uchun romanning ilk nusxasi Abdulla Qodiriyning nabiralari tomonidan taqdim etildi.

“Oʻtkan kunlar”ning arab tiliga tarjimasi romanning 100-yilligi arafasida 2024-yili tayyor boʻlishi va mintaqadagi eng yirik va nufuzli 55-Qohira xalqaro kitob yarmarkasida taqdim etilishi rejalashtirilmoqda.

Qayd etish joizki, roman 1920-yillar boshida yozilgan boʻlib, 1922-yil ilk bor “Inqilob” jurnalida chop etilgan, 1926-yilda tilimizga moslashtirilgan arab yozuvida, alohida kitob holida nashr qilingan. 1926-yildagi senzura daxl qilmagan asl nashriga asoslangan ilk toʻliq nashri Toshkentda  kirill alifbosida 1994-yili chop etilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер