Mirziyoyev Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining navbatdan tashqari sammitida ishtirok etadi
arxiv foto
Bugun, 10-aprel kuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining koronavirus taraqalishiga qarshi kurashishda umumiy saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirishga bagʻishlab videoanjuman tarzida oʻtkaziladigan navbatdan tashqari sammitida ishtirok etadi.
Tadbir tashkilotda raislik qilayotgan Ozarbayjon tashabbusi bilan tashkil etilmoqda. Unda Turkiy kengashga aʼzo beshta davlat – Ozarbayjon Respublikasi, Qozogʻiston Respublikasi, Qirgʻiz Respublikasi, Turkiya Respublikasi va Oʻzbekiston Respublikasi rahbarlari, shuningdek, Turkmaniston Prezidenti va Vengriya Bosh vaziri ishtirok etishi koʻzda tutilgan.
Videoanjumanga Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyesusning ham ulanishi kutilmoqda.
Kun tartibiga muvofiq, tomonlar koronavirus pandemiyasi tarqalishiga yoʻl qoʻymaslik borasida amalga oshirilayotgan birinchi navbatdagi chora-tadbirlar yuzasidan fikr almashadilar.
Ushbu xavfli yuqumli kasallikka qarshi kurashish maqsadida hamkorlikning asosiy yoʻnalishlari muhokama qilinadi hamda mamlakatlar sogʻliqni saqlash vazirliklari va boshqa vakolatli idoralari oʻrtasidagi sheriklikning aniq mexanizmlari ishlab chiqiladi.
Global epidemiologik inqiroz sharoitida savdo-iqtisodiy, investitsiya va transport-kommunikatsiya sohalaridagi hamkorlikning ustuvor loyihalarini yana-da ilgari surish masalalariga alohida eʼtibor qaratiladi.
Turkiy kengashning navbatdan tashqari sammiti yakunida Qoʻshma deklaratsiya qabul qilinishi rejalashtirilgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring