Minnesota universiteti bilan hamkorlik memorandumi imzolandi
Temur ESHBOYEV/“Xalq soʻzi”. Bugungi kunda har qanday oliy taʼlim muassasasining oʻquv va ilmiy salohiyatini, raqobatbardoshligini oshirishda samarali xalqaro hamkorlik aloqalari yanada dolzarb hisoblanadi.
Navoiy Davlat pedagogika instituti rektori M. Kalonov Amerika Qoʻshma Shtatlari Minnesota universiteti prorektori, professor X.Charlz bilan muzokaralar olib bordi. Oʻzaro hamkorlik ikki oliy taʼlim muassasasi aloqalarini oʻrnatish, qoʻshma taʼlim dasturlarini amalga oshirish yoʻlida dastlabki qadam boʻldi.
Oʻzaro muloqotda Navoiy viloyatining ijtimoiy-iqtisodiy salohiyati va unda Navoiy davlat pedagogika institutining oʻrni hamda Minnesota universitetining taʼlim tizimi, samaradorlikning omillari borasida fikr almashildi. Muzokaralar yakunida tomonlarning taʼlim tizimini rivojlantirish, ilmiy-amaliy loyihalarni amalga oshirish hamda kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish boʻyicha hamkorlik memorandumi imzolandi.

— Minnesota universitetiga 1851-yilda asos solingan boʻlib, taʼlim sifati boʻyicha dunyoning 100 taligidan mustahkam oʻrin egallagan, — deydi Navoiy Davlat pedagogika instituti rektori Muhiddin Kalonov. — Eng muhimi, ish beruvchilar orasida yuqori reytingda boʻlib, bitiruvchilar ishga joylashishda muammoga duch kelmaydi. Hamkorlikda institutimizning tibbiyot yoʻnalishidagi aloqalarini yangi bosqichga koʻtarmoqchimiz.
Hamkorlik doirasida tomonlar oliy taʼlim muassasalari oʻrtasidagi loyihalarni amalga oshirish, biologiya, kimyo va tibbiyot yoʻnalishlaridagi talabalar hamda professor-oʻqituvchilar almashinuvini yoʻlga qoʻyish, fan dasturlarini birgalikda takomillashtirish, professor-oʻqituvchilarni tizimli tajribasini oshirish masalalarida kelishib olishdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring