Mingbuloqdagi “Qoʻgʻalikoʻli”ga suv keldi
Illustrativ foto
Namangan viloyati Mingbuloq tumani markazidan ancha olisda joylashgan “Qoʻgʻalikoʻli” mahalla fuqarolar yigʻinida besh mingga yaqin aholi istiqomat qiladi. Yaqin vaqtgacha infratuzilmaning asosiy tizimlari muammo boʻlib kelgan hudud ahli joriy yilda “Obod qishloq” dasturi doirasida amalga oshirilgan katta hajmdagi bunyodkorlik ishlari sharofati bilan munosib turmush kechirish imkoniyatlariga ega boʻldi.
— Birinchi navbatda uzoq yillardan beri aholini qiynab kelayotgan ichimlik suv muammosi yechimini topdi, — deydi MFY raisi Qahramon Mamarasulov. — Ayni maqsad uchun 4,5 milliard soʻm sarmoya yoʻnaltirilib, 35 kilometr uzunlikda yangi tarmoq tortildi, uchta suv taʼminlash inshooti ishga tushirildi. Bu bilan mavjud 1010 ta xonadonning barchasiga toza “obi hayot” kirib bordi.
Mahallada dasturga muvofiq ajratilgan 12 milliard soʻm mablagʻ hisobiga xududdagi 8-umumtaʼlim maktabi va 22- MTM binolari rekonstruksiyadan chiqarilyapti. Bundan tashqari 7,8 kilometr uzunlikdagi ichki yoʻllarda shagʻal va asfalt yotqizish ishlari bajarilmoqda. Ayni paytda 2,5 kilometr yoʻl betonlashtirilyapti. Bir soʻz bilan aytganda, qoʻgʻalikoʻlliklar Yangi yil bayramini oʻzgacha kayfiyatda kutib olishmoqda.
Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring