Mingbuloqda ham DXM zamonaviy binoga ko‘chib o‘tdi
Foto: “Xalq so‘zi”
Tashkil etilganidan buyon moslashtirilgan joyda faoliyat ko‘rsatib kelgan Mingbuloq tumani davlat xizmatlari markazi uchun barpo etilgan yangi bino bugun o‘z egalariga tantanali surʼatda topshirildi. U davlat-xususiy sheriklik asosida qurib bitkazilgan to‘rt qavatli zamonaviy imoratning birinchi qavatida joylashgan.
Aytish kerakki, bugungi kunda tizim xodimlari tomonidan aholiga ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari turi 160 dan ortiq bo‘lib, yangi binoda yaratilgan shart-sharoit va imkoniyatlar ish sifatini yana-da oshiradi. Jumladan, bu yerda viloyatda birinchilar qatorida eshitish qobiliyati cheklangan shaxslarga onlayn surdo tarjima xizmati yo‘lga qo‘yildi. Yangi farzand ko‘rgan ota-onalar esa kompozit xizmat turi afzalliklari evaziga tug‘ilganlik guvohnomasi, suyunchi puli olish va farzandini maktabgacha taʼlim tashkilotiga navbatga qo‘yish amaliyotlaridan bir paytning o‘zida foydalanayotganidan mamnunlik izhor etishmoqda.
Binoning taqdimot marosimida o‘nga yaqin fuqarolarga tug‘ilish, bir nafar oilaga nikoh guvohnomalari topshirildi. Bundan tashqari bir qator nogironlarga maxsus aravacha va hassalar taqdim qilindi.
- Bugungi kunga kelib 11 ta shahar va tuman DXMlari shu singari zamonaviy binolarga ega bo‘ldi,-deydi Davlat xizmatlari agentligi Namangan viloyat boshqarmasi axborot xizmati rahbari Foziljon Jo‘raboyev.- Yaqin vaqt ichida so‘nggi tuman – Kosonsoydagi markaz ham ana shunday imkoniyatdan bahramand bo‘ladi.
Maʼlumot uchun, joriy yilning o‘tgan davrida Mingbuloq tumanida aholiga 128,4 mingdan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatildi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2153 ta ko‘pdir.
Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq so‘zi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring