Ming eksponatli qishloq muzeyi

14:46 31 Oktyabr 2022 Jamiyat
740 0

Foto: Xalq so‘zi

Bundan olti asrdan koʻproq vaqt avval ajdodlarimiz istiqomat qilgan va oʻz davrida Fargʻona vodiysining poytaxti hisoblangan Yangi Axsi xarobalarini oʻrganish natijasida topilgan tarixiy ashyolar soni yildan-yilga oshib bormoqda. Ularning aksariyati bu yerda mahalliy aholi tashabbusi bilan tashkil etilgan osori atiqalar muzeyidan ham joy olgan. Mingdan ortiq eksponatdan iborat xazina ichida eramizdan avvalgi I-XII asrlarga oid roʻzgʻor buyumlari, Temuriylar davriga mansub sopol lagan, xumcha, tigʻi toshni kesadigan mashhur Damashq qilichlaridan tortib Xitoy imperatori tomonidan Ofoqxoʻja eshonga sovgʻa qilingan qimmatbaho suvdongacha bor.

Namangan viloyati Toʻraqoʻrgʻon tumani qishloqlari ahli, yaqin oradagi manzillar va olis xorijdan keluvchi sayyohlar uchun koʻhna tarixdan tasavvur beruvchi maskan bisotini boyitishda qadimshunos mutaxassislardan tashqari mahalliy aholi ham jonbozlik koʻrsatmoqda. Yaqinda yakkatomlik keksa yoshdagi fuqarolar tomonidan topshirilgan oʻttizga yaqin nodir kitoblar jamlanmasi buning tasdigʻidir. Muzey rahbari, arab tilini mukammal biluvchi mutaxassis Bilolxon Rustamov tomonidan kitoblar qisman tatqiq qilinganda ular orasida 1200-yil avval bitilgan Kalom ilmi - aqoid, kalom falsafasiga oid noyob kitob borligi aniqlandi.

— Zeru zabarsiz yozilgan ushbu kitob bizga islom sivilizatsiyasi markazida saqlanayotgan Hazrati Usmon Musʼhafini eslatadi. Bu uslubda faqat VII -VIII asrlarda kitob bitilgan. Undan soʻng zeru zabar bilan yozilgan. Shu omil bizga ushbu kitobning qadimiyligidan dalolat berib turibdi, — deydi B. Rustamov.

Muallifi Abulfayz Fayziy boʻlgan, tabobat, duo, virdlar toʻplamidan iborat XVI asrga oid qoʻlyozma ham ahamiyatliligi jihatidan birinchi topilmadan kam emas. U Sultonil Aʼzam va hoqonil Akram Abulfath Jaloliddin Muhammad Akbar podishohul Gʻoziy uchun insho etilgan. Bu hukmdor shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Boburning nabirasi Buyuk Akbardir.

Yangi qabul qilingan adabiyotlar orasida XVII - XIX asrlarga oid tariqat odoblari haqida «Tanbehoti darveshiya», «Qissai Ibrohim Adham», «Qissai Imomi Xasan Imomi Xusan», fiqh, masʼala, yashash odoblari haqida «Saloti Masʼudiy», tarixga oid katta bosma kitob, “Chor kitob”, Paygʻambarimiz siyratlari haqidagi “Siyari Sharif”kitobi (turkiy sharhi bilan), Abulqosim Firdavsiyning «Shoxnoma» asari (noyob suratlari bilan), Fuzuliyning Sankt-Peterburg nazorati ostida 1891-yilda Toshkentda Laxtin litografiyasida bosilgan “Layli va Majnun”, Soʻfi Olloyorning 10 ming baytdan iborat «Maslakul muttaqiyn» (Taqvodorlarning yoʻllari) hamda «Mavoridul Kalim» kitoblari mavjud.

Oldingi hafta Namangan viloyatida oʻtkazilgan “Maʼnaviyat festivali”ga poytaxtdan kelgan mehmonlar ham Toʻraqoʻrgʻon tumaniga tashrifni Xoʻjakalon Abdulmoniy ziyoratgohidan boshlab, bu yerda joylashgan muzey osori atiqalarini katta qiziqish bilan tomosha qildilar.

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер