Migratsiyadan qaytgan yoshlar dehqonchilikdan daromad topmoqda

12:02 13 Avgust 2024 Jamiyat
263 0

Qudratilla Najmiddinov/“Xalq soʻzi”. Ijtimoiy mehnat bilan band boʻlmagan yoshlarga dehqonchilik qilish uchun 20 sotixdan yer ajratib berishning yoʻlga qoʻyilganligi oʻz samarasini bermoqda. Masalan, Namangan viloyatining Toʻraqoʻrgʻon tumanida joriy yilning oʻzida 344 gektar sugʻoriladigan maydonlar uzoq muddat foydalanish uchun 1741 kishining tasarrufiga berildi. “Bir dala – bir mahsulot” tamoyilida joylashtirilgan ekinlar birinchi hosilining oʻziyoq yer egalariga kutilgan daromadni taqdim etdi.

— Ayni imkoniyatdan foydalanib 35 nafar yoshning bandligini taʼminladik, — deydi “Kumidon” mahalla fuqarolar yigʻini yoshlar yetakchisi Abdurashid Dadaboyev. — Ularning 7 nafari migratsiyadan qaytgan yigitlar boʻlib, oʻz oilalaridan uzoqlashmagan holda kafolatlangan daromad topish imkoniyatiga ega boʻldi. Buni erta bahorda xorijdan kelib 20 sotixdan yerda makkajoʻxori va dukkakli ekinlar parvarishi bilan shugʻullanishga kirishgan Jasur Tojiahmedov, Sanjar Mamadaliyev va boshqalarning daladan hozirning oʻzida 10-12 million soʻmdan oshirib, sof foyda olganida koʻrish mumkin.

Bugun dehqonchilik bilan moddiy ahvolini yaxshilashni maqsad qilgan yoshlarning aksariyati dastlabki hosilni saranjomlab, keyingi ekin parvarishiga kirishish taraddudini koʻrmoqda. Bunda ularning koʻpchiligi ham ichki, ham tashqi bozorda xaridorgir boʻlgan sarimsoqpiyoz yetishtirishni maqsad qilgan. Kelgusi yilning erta bahorida pishib yetiladigan ushbu qishloq xoʻjalik mahsulotidan olinadigan daromad 30-35 million soʻmga yetadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер