Meva-sabzavot eksportini koʻpaytirish imkoniyatlari ishga solinmoqda
Yaqinda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida boʻlib oʻtgan yalpi majlisining navbatdagi “Hukumat soati”da Qishloq xoʻjaligi vaziri Jamshid Xodjayevning axboroti eshitildi.
Vazir axborotida, jumladan, quyidagilarni taʼkidladi:
"Bugungi kunda hududlarda tadbirkorlik subyektlari va fermer xoʻjaliklariga tegishli boʻlgan 941 ming tonna quvvatga ega 2046 ta omborxona mavjud. Shundan 1571 tasi muzlatgichli boʻlib, 755 ming tonnalik sigʻimga ega. 475 tasi esa 186 ming tonnalik oddiy omborxonalardir.
Joriy yilning I yarmida qiymati 86 mlrd soʻmlik 14,7 ming tonna sigʻimga ega 14 ta loyiha ishga tushirildi.
Yana shu yil oxiriga qadar loyiha qiymati 837 mlrd soʻm boʻlgan umumiy quvvati 166 ming tonnalik 246 ta muzlatgichli omborxonalar tashkil etiladi va 1,9 ming ta yangi ish oʻrni yaratiladi. Buning natijasida joriy yil oxiriga kelib, jami meva-sabzavot mahsulotlarining saqlash quvvatlarining umumiy quvvatini 1,1 mln tonnaga yetkazish choralari koʻriladi.
Ushbu saqlash quvvatlaridan bir yilda kamida ikki marta foydalanish orqali 1,9 mln tonna (8 foiz) mahsulotni saqlash imkoniyati mavjud.
Biroq, bugungi kunda ushbu quvvatdan bir mavsum davomida 350-400 ming tonna mahsulot uchun, yaʼni 30-40 foizidangina foydalanib kelinmoqda. Meva-sabzavot mahsulotlarini tizimli saqlash va eksport qilish mexanizmi ham yaxshi shakllanmagan.
Shundan kelib chiqib, vazirlik tomonidan sovutgichli va saqlov omborxonalari tizimini raqamlashtirish, shuningdek, omborxonlardan samarali foydalanish boʻyicha (yaʼni, sotuvchi ↔️ saqlovchi → eksportyor ↔️ xaridor → isteʼmolchilar oʻrtasida) onlayn platformasini yaratish boʻyicha ish tashkil etilmoqda.
Ushbu tizim mahsulot yetishtiruvchi, saqlovchi va eksport qiluvchi tadbirkorlar integratsiyasi va onlayn rejimda respublikaning barcha hududlarida mavjud omborxonalar, ularda saqlanayotgan mahsulotlar haqida kerakli maʼlumotlarni olishda muhim manba boʻladi".
Darhaqiqat, mamlakatimiz fermerlari, dehqonlari, tomorqa yer egalari tomonidan yetishtirilgan meva-sabzavotlarni eksport qilishning bunday zamonaviy tizimi qishloq aholisining daromadi va manfaatdorligi oshishiga xizmat qiladi.
Aktam XAITOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Spikeri oʻrinbosari,
OʻzLiDeP fraksiyasi rahbari
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring