Metrologiya sohasini rivojlantirish orqali eksportga koʻmaklashilyapti

23:32 29 Avgust 2023 Jamiyat
645 0

Foto: Xalq soʻzi

Jondor tumanidagi “Arjumanbonu chorvasi” fermer xoʻjaligi “halol” xalqaro sertifikatiga ega boʻldi. Bu parrandachilik mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan mazkur subyekt oldida yangi imkoniyatlar eshigini ochadi, albatta. Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi Buxoro filialidan bizga iqtisodiyot rivojiga xizmat qiluvchi shu kabi koʻplab maʼlumotlarni taqdim qilishdi.

Filial masʼullarining taʼkidlashlaricha, moddiy-texnik bazaning mustahkamlanishi ortidan davlat nazoratini olib borish, metrologiyani rivojlantirish, mahsulot muvofiqligini baholash, eksportga koʻmaklashish yoʻnalishlarida muayyan yutuqlarga erishilyapti. Masalan, hududiy filial tomonidan neft va gaz, qurilish, kimyo va oziq-ovqat sanoati korxonalaridagi qoʻshimcha 900 ta oʻlchash vositasini qiyoslashdan oʻtkazish yoʻlga qoʻyildi. Tegishli laboratoriyalarda 12 ta yangi sinov usulini oʻzlashtirish ishlari olib borilmoqda. 37 ta korxonada xalqaro standartlar talablariga muvofiq menejment tizimlari joriy etildi.

— Viloyatdagi 206 ta tadbirkorlik subyektida texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, metrologiya, muvofiqlikni baholash sohalarida seminarlar oʻtkazildi, — deydi Oʻzbekiston milliy metrologiya instituti davlat muassasasi Buxoro filiali bosh mutaxassisi Abdurahmon Muxtorov. — Seminar-treninglarga xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda 200 nafar mutaxassisning malakasi oshirildi. Bu kabi tadbirlar milliy mahsulotlarni tashqi bozorlarga chiqarish tashabbuskorlari soni oshishiga olib kelyapti.

Darvoqe, filial jamoasi tomonidan ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun press-tur tashkil qilindi. Jurnalistlar viloyatdagi bir qator korxonalar, jumladan, “Buxoro Agroklaster DDZ”, “Siyovush Tekstil” masʼuliyati cheklangan jamiyatlari, “WBM Romitex” korxonasida boʻlib, mahsulot sifatini tahlil qilishga moʻljallangan laboratoriyalardagi ish jarayoni bilan yaqindan tanishdilar.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер