Mening kimligimni el bilsa boʻldi...
Pandemiya sharoiti butun mamlakat koʻz oʻngida zaif nuqtalarimizni ham, kuchli tomonlarimizni ham namoyish etib qoʻydi... Toʻgʻri, dunyoning katta-katta, kuchli davlatlari ham dastlab qattiq qiyinchiliklarga duch keldilar. Oʻzbekiston ham vaziyatni boshqarishda bor kuch-salohiyatini ishga soldi.
Bu jarayon kimning kimligini aniqlab berishda katta ahamiyatga ega boʻldi. Biz ilgari ham barcha soha imtihondan oʻtayotganligi haqida yozgan edik. Bugun eng muhim boʻlgan tibbiyot sohasida eʼtiborga muhtoj boʻlgan ogʻir nuqtalar aniqlandi, ogʻriqli nuqtalar koʻrindi... Bu soha vakillari koronavirus oʻchoqlari boʻlmish shifoxonalarda, karantin zonalarida kunni kun, tunni tun demay mehnat qilmoqdalar. Koʻpchilik tibbiyot xodimlari, yetuk mutaxassislar kasal yuqtirib olish natijasida hayotdan koʻz yumdilar. Bitta shifokor 10 yilda tayyor boʻlishini nazarda tutadigan boʻlsak, xalq qanday katta yoʻqotishni boshdan kechirayotgani anglashiladi. Bu insonlar tom maʼnoda jasoratli mard kishilardir. Ularning oʻz hayotini oʻylamasdan koʻrsatgan jasoratlari haqida, har bir inson haqida alohida kitoblar yozilishi kerak. Ayni kunlarda shifokorlarning jasoratlari, ularning zahmatlari, mehribonliklari haqida toʻgʻridan toʻgʻri intervyular, videolarni koʻryapmiz. Haqiqiy shon-sharaf sohiblari, haqiqiy ehtiromga loyiq insonlar ekanliklariga ishonyapmiz. Publitsistlarimiz, yozuvchi-shoirlarimiz hali bu qismatlarni qalamlarida tiriltiradilar.
Lekin bu ijobiy tomonlar bilan bir vaqtda ayrim yetib kelayotgan maʼlumotlarga koʻra, sharafli mehnat qilayotgan, xalq olqishi, duosini olib mehnat qilayotgan tibbiyot xodimlarining oylik maoshga toʻlanadigan ustama pullari oʻz vaqtida berilmayotganligi, baʼzi hollarda maxsus kiyimlar bilan taʼminlanmayotganligi kabi holatlar dilni xira qiladi. Yana kimning kimligini bilib olmoqdamiz.
Karantin davrida hammadan uyda qolish soʻraldi. Uyda qoldik. Ammo shifokorlar bilan bir qatorda uyda qololmasdan ishlagan soha kishilari ham bor. Balki bizga ularning jonbozligi sezilmagandir, chunki odatdagi hayotimizda ham televideniye, radioni yoqsak, tinimsiz koʻrsatuv, eshittirishlar berilganidek, pandemiya davrida ham bular uzluksiz davom etdi. Gazeta-jurnallar chop etilib turdi, hech boʻlmasa, ularning elektron versiyasi yetib keldi. Internet saytlarida, telegramm kanallarida tezkor maʼlumotlar eʼlon qilinib turdi. Bularni kim taʼminladi, kim yuritdi? Oʻzbek jurnalistikasi ham bu davrda katta imtihondan oʻtdi. Jasoratli jurnalistlarimiz kasallik yuqtirib olishni oʻylamasdan kasalxonalar, karantin zonalari va boshqa joylarda boʻlib, suhbatlar uyushtirib bizni yangiliklardan xabardor qilib turdilar. Ayni kunlarda ularning kovid infeksiyasi bilan kasallanganlar davolanayotgan reanimatsiyalardan, ogʻir holatdan davolanayotgan bemorlar bilan suhbatlari uzatilmoqda. Nafaqat kasallik haqidagi maʼlumotlarni bermoqdalar, balki jamiyatdagi kamchiliklar, insofsizliklaru xatolar haqida bong urmoqdalar. Haqiqiy jurnalistikani muqaddas bilgan insonlar oramizda koʻp. Ular pandemiya sharoitida boshqa muhim masalalarni ham unutib qoʻyayotganlari yoʻq, haqiqatni aytishda oʻz prinsiplariga sodiq qolmoqdalar. Albatta davr oʻz qahramonlarini unutmaydi. Bu soha vakillarining ham mehnati tahsinga sazovor.
Shu oʻrinda aholining oziq-ovqat xavfsizligi, ijtimoiy himoyasi yoʻlida davlat tomonidan olib borilgan ishlar bilan bir qatorda xalq vakillari, tadbirkorlar, siyosiy partiyalar va boshqa soha vakillarining ham juda katta koʻmaklari sezildi. Bu ogʻir davrda amalga oshirilgan har bir xayriya, ehson tadbirlari tahsinga loyiqdir. Bu borada xalqimiz jipsligini koʻrdik. Ayniqsa, Sardoba, Buxoro voqealarida ham yordamga shoshilgan kishilar sanoqsiz boʻldi. Xalqimizning ulugʻ bir qudrati, oʻlmas maʼnaviy boyligi shu kunlarda yana-da yaqqol namoyon boʻldi. Saxovat va koʻmak harakati yordamlarini tarqatishda koʻngillilarimiz harakati ham eʼtiborga muhtoj, yarim koʻngillarga malham boʻldi.
Bular bizning kuchli jihatlarimiz albatta. Lekin besh qoʻl barobar emas ekan, sharoit yana kimning kimligini bildirib qoʻydi. Birovning haqini yeyuvchilar, muhtojlar haqqini oʻzlashtiruvchilar ham borligi bilinib qoldi.
Pandemiya har bir soha vakillarini, har bir insonning qiyofasini ochdi, amallarni saraladi. Rahbarlarning ham kuchli, siyosatli, tadbirli, xalqparvarlarini alohida ajratib koʻrsatdi.
Deputatlarning ham ogʻir kunlarda xalq bilan, xalq ichida boʻlishi, ularni qiynagan masalalarni koʻtarib chiqishi, shu vaziyatda toʻgʻri siyosat olib borishda oʻz takliflarini berishi muhimdir.
Biz xalq uchun, jamiyatimizni sogʻlom, mamlakatimizni obod koʻrishga hissa qoʻshayotgan insonlarni, sohalarni, tizimlarni albatta eʼtirof etishimiz kerak. Jamiyatdagi kamchiliklarni roʻy-rost aytib berayotgan kishilarga ham, kecha-kunduz postda turgan huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlariga ham oilasi salomatligini oʻylab uyda qolgan insonlarga ham, shifokoru jurnalistlar, tadbirkoru rahbarlarga, ijtimoiy tarmoqlar orqali bizga xizmat koʻrsatayotgan, mushkulimizni oson qilayotgan insonlarga, boringki, elim-yurtim degan barchaga oʻz minnatdorchiligimizni bildiramiz.
Gulbahor SAIDGʻANIYEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
“Adolat” SDP fraksiyasi aʼzosi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring