“Men shunchaki bir parcha muz istayman”: Tramp Grenlandiya masalasida kuch ishlatmaslikka vaʼda berdi
Shveysariyaning Davos shahrida oʻtkazilayotgan Jahon iqtisodiy forumida nutq soʻzlagan AQSH prezidenti Donald Tramp Grenlandiya ustidan nazoratini qoʻlga kiritish uchun harbiy kuch ishlatish niyati yoʻqligini maʼlum qildi.
“Mening asosiy vaʼdam shu — men zoʻravonlik ishlatmayman. Men shunchaki bir parcha muz istayman”, — degan Tramp NATO bosh kotibi Mark Ryuttega murojaat qilar ekan.
Shuningdek u, AQSH Grenlandiya ustidan nazoratni istashini, Amerika Ikkinchi jahon urushidan keyin bu hududdan voz kechganini ham qoʻshimcha qilgan.
AQSH prezidenti Grenlandiyani sotib olish masalasiga toʻxtalib, dunyo hamjamiyati va NATO ittifoqchilariga qarata siz “ha” deyishingiz mumkin, biz juda minnatdor boʻlamiz, ammo “yoʻq” desangiz biz buni eslab qolamiz, deya oʻz nutqini yakunlagan.

Qoʻshma Shtatlar rahbari Ukrainadagi urushga ham toʻxtalib oʻtib, har oyda u yerda 30 ming nafargacha harbiy halok boʻlayotganini, mojaroni “qonli qirgʻin” hamda Ikkinchi jahon urushidan keyingi eng yirik toʻqnashuv sifatida baholagan.
Donald Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan urushni yakunlash boʻyicha muzokaralar davom etayotganini, shu kunlarda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashishi mumkinligini ham bildirgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring