Men konservatorman — Akmal Saidov
“Tashkent city"dagi Congress Hall majmuasida “Toshkent yoshlar forumi — 2020” doirasida «Globallashuv davrida yoshlar migratsiyasi va uning ijtimoiy-siyosiy masalalari” mavzusidagi xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi.
Unda Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Milliy markazining direktori Akmal Saidov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi rahbari Erkin Zohidov va boshqa bir qancha mutasaddilar maʼruza qildi.
«Taʼlim toʻgʻrisidagi qonunimizda yangi tushuncha kirib keldi. Bu eng ilgʻor xalqaro tajribadan olingan boʻlib, umr davomida oʻqish, degan tushuncha.
Avval qanaqa boʻlar edi? Oʻqib chiqdi. 60 yillarmi, 70-80 yillarda oʻqiganmi yuraverardi. 10 yillarda bir marta malaka oshirishga yuborsa, oʻsha yerda bir marta oʻqib kelardi. Yoʻq!
Butun dunyoda har besh yilda axborot ikki barobar koʻpayib bormoqda. Bu faqat oʻqish va yana oʻqish degani. Muhtaram Prezidentimiz turli sohada boʻladigan videokonferensiyada qayta-qayta aytadilar ilm, ilm va yana ilm, deb.
Mana man oʻzimizni avloddan koʻryapman, biroz orqada qolgan odam Iphoneʻdan foydalanishni bilmay qolyapti.
Yosh maktabda oʻqiydigan nevarasidan soʻrasa, nevarasi bilib beradi, Akmal Xolmatovich, Iphoneʻdan qanaqa foydalanishni", dedi Erkin Zohidov.
Zohidovning Iphoneʻdan foydalanish haqidagi fikrlariga qo'shilgan holda Akmal Saidov ham oʻzining bu kabi telefonlardan foydalana olmasligini aytib oʻtdi.
“Mana men foydalanmayman. Men bilmayman”, dedi Akmal Saidov.
U shu sabab oddiy rusumdagi telefon ishlatishini maʼlum qildi.
«Men konservatorman», deb taʼkidladi Saidov.
Muloqot davomida, Erkin Zohidov yoshlarga rivojlanishdan orqada qolmaslikni taʼkidladi.
«Nima yangilik boʻlsa hammasini oʻzlashtiring, shunda sizni ishingiz, daromadingiz ham tayin boʻladi. Xalq orasida, tanishlaringiz orasida, doʻstlaringiz, qarindoshlaringiz oʻrtasida obroʻyingiz ham boʻladi», dedi Zohidov.
Inobat AHATOVA,
“Xalq soʻzi”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring