Mehrga kim ham toʻyadi?
Odamning qorni bir kosa ovqatga toʻyishi mumkin. Juda koʻp eshitganmiz “qornim rosa toʻyib ketdi”, degan soʻzlarni. Ayniqsa, bugungi maʼmurchilik davrida, toʻqchilik zamonida bu oddiy holatga aylanib ulgurdi. Rabbimizga behisob shukrlar boʻlsin. Lekin “mehrga toʻydim” degan soʻzni hech qachon eshitmaganmiz. Mehrga kim ham toʻyadi?!
Bu soʻzlarni bejiz keltirmayapman. Bugun shaxsan men mehrga tashna, tinchlikka zor, xotirjamlikka intiq yurtdoshlarimizning yuzu koʻzlariga boqib, mehr, tinchlik-xotirjamlik qanchalik ulugʻ neʼmatlar ekanini yana bir karra his etdim. Shu bilan birga, tinch yurtda, farovon hayotda tanti xalq bilan birga yashayotganim uchun Yaratganga shukronalar keltirdim.
Muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari va bevosita topshiriqlari bilan bugun “Mehr” operatsiyasining navbatdagi bosqichi amalga oshirildi: Suriyaning jangovar harakatlar davom etayotgan qismidan jami 98 nafar yurtdoshimiz – 25 nafar ayol va 73 nafar bola – Vatanimizga qaytarildi.
Qoʻli qonga botgan razil kimsalarning, insoniylik qiyofasini yoʻqotgan odam shaklidagi iblislarning tazyiqlarini koʻraverib diydasi qotib ketgan, mehrdan asar ham qolmagan ayrim yurtdoshlarimiz yurtimiz zaminiga qadam bosishlari bilan darhol yerni oʻpa boshladilar. Bir zamonlar qahrga toʻlgan nigohlarning oʻrnini mehr, gʻazabga toʻlgan chehralarni quvonch egalladi.
Bu holni bevosita yaqindan kuzata turib, suyukli Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallamning Makka shahridan Madinaga koʻchib ketayotib, Savr togʻi tepasida : “Ey ona shahrim Makka! Agar qavmim meni bu shahardan haydab chiqarmaganida, seni aslo tashlab ketmagan boʻlar edim”, degan muborak soʻzlari xayolimda gʻujgʻon aylandi.
Rasululloh-ku ona-shahrini majburlikdan tark etganlar. Lekin vatandoshimiz, shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur oʻzga diyorlarda oʻz yurtini sogʻinib, ranju alam yutgan, Furqat firoqida kuygan bu aziz Vatanni ayrim yurtdoshlarimiz nima sababdan tashlab ketishgan ekan-a?!
Bugungi holat bizga hazrat Alisher Navoiyning:
Vatan tarkini bir nafas aylama,
Yana ranju gʻurbat havas aylama,
degan satrlarini eslatib, koʻzlarimizdan ham shukr, ham mehr yoshlari quyildi.
Muqaddas Islom – insonparvar, bagʻrikeng din. Insonni, kim boʻlishidan qatʼi nazar, ardoqlash zarur. Bejiz Enus Emro maxluqni, yaʼni insonni Xoliq tufayli yaxshi koʻramiz, demagan. Bugun yurtimizda ana shu soʻzning amaldagi inʼikosini koʻrdik.
Suriyadan keltirilgan yurtdoshlarimiz orasida 14 nafar chin yetimning ham borligi yurak-bagʻrimizni ezib yubordi. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Men va yetimni kafilligiga olgan kishi jannatda mana shunday boʻladi”, dedilar va koʻrsatkich hamda oʻrta barmoqlariga ishora qilib, bu barmoqlari orasini bir-biriga yaqin tutdilar” (Imom Buxoriy rivoyati), deb marhamat qilganlar.
Boshqa bir hadisda: “Musulmonlarning uyi ichida eng yaxshisi yetimga yaxshi munosabatda boʻlingan uydir. Musulmonlarning uyi ichida eng yomoni yetimga yomon munosabatda boʻlingan uydir” (Imom Ibn Moja rivoyati), deyilgan.
Demak, shu hadisi sharifdan kelib chiqib aytish mumkinki, 14 nafar maʼsum bolaga boshpana boʻlgan jannatmonand Oʻzbekiston, hech shubhasiz, Yer yuzidagi eng yaxshi maʼvodir.
Odamlarga yaxshilik qilaman, mehr koʻrsataman deb jonini halokatga qoʻyib boʻlsa ham urush oʻchoqlaridan oʻz yurtdoshlarini sugʻurib olib kelgan qahramonlarimizni, bu xayrli ishga bosh qoʻshgan barcha-barchani Alloh taolo Oʻz panohida asrasin. Qilgan savobli ishlarining ajrlarini koʻpaytirib bersin.
Nuriddin XOLIQNAZAROV,
Toshkent shahar bosh imom-xatibi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring