Mehr har kuni kerak...
Foto: "Xalq so'zi"
Tan olish kerak, xayru saxovat tadbirlarini asosan muhim sanalardagina avj oldirishga koʻnikib qolganmiz. Biroq tabiatan inson hamisha mehrga muhtoj, ayniqsa, yolgʻizlarga, nogironligi boʻlganlarga bir ogʻiz shirin soʻz ham katta kuch beradi, dalda, umid ulashadi.
— Tumanimizda 137 nafar yolgʻiz yashovchilar, 700 nafar nogironligi bor va 200 nafar koʻzi ojiz fuqarolar istiqomat qiladi, — deydi Andijon tumani hokimligi matbuot xizmatining rahbari Oyshaxon Yoqubova. — Ularning holidan muntazam xabar olish tumanimizda yaxshi anʼanaga aylangan.
Bu galgi yoʻqlov jarayonida ham barcha ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi, salomatligini tiklash uchun tibbiy koʻrikka jalb etilib, yashash sharoitini yaxshilashga koʻmaklashildi.
— Yoshim yetmishdan oshgan, — deydi tumanning Hakan qishlogʻida yashovchi Tursunxon aya Nabiyeva. — Qizim ikkinchi guruh nogironi, nabiram esa birinchi guruh... Kenja nabiram maktabda oʻqiydi. Nafaqa puli hisobiga yashaymiz. Baʼzida topganimiz dori-darmondan ortmay qoladi. Shunday paytlarda tuman hokimligi vakillari holimizdan boxabar boʻlib, neki yordam boʻlsa, hech ogʻrinmay koʻrsatishadi... Saxovatpesha, bagʻrikeng insonlar haqqiga duodamiz.
Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring