Mavzuga qaytib...Bu issiqxonalarning egasi bormi?

15:27 20 Oktyabr 2022 Jamiyat
839 0

Foto: Xalq so‘zi

Yodingizda boʻlsa, joriy yilning yozida Fargʻona tumanidagi Mindonobod dahasida qarovsizlikdan qurib-qaqshab yotgan 2,5 gektar yerdagi issiqxonalar haqida “Xalq soʻzi” gazetasi va saytida tanqidiy maqola eʼlon qilingan edi.

Maʼlum boʻlishicha, 2020-yili Fargʻona tumani Mindonobod dahasida qishloq xoʻjaligida foydalanilmaydigan 2,5 gektar yerda issiqxona tashkil etilib, hududdagi kam taʼminlangan, ishsiz oilalarga ajratilgan. Shu tariqa issiqxonalar 2 sotixdan 125 ta oilaga, 50 foizi subsidiya, qolgan teng yarmi ATB «Turonbank»ning imtiyozli krediti evaziga taqsimlab berilgan.

Ammo yaxshi niyatda boshlangan ishlar yakuniga yetmay qolgan. Bugun chala qolib ketgan issiqxonalar holiga maymunlar yigʻlaydi. Aslida 125 ta oilaning mushkulini oson qilib, tirikchiligiga bakor kelishi kerak boʻlgan issiqxonalarning oʻzi majolsiz bemor kabi yordamga, madadga muhtojligini qanday izohlash mumkin?

— Loyihada tik sugʻorish qudugʻi oʻrnatish koʻzda tutilmagani uchun issiqxonadan haligacha foydalanish imkoniyati boʻlmayapti, — degan edi oʻshanda Fargʻona tumani hokimining birinchi oʻrinbosari Otabek Abdurahimov. — 2022-yilning iyun oyida Respublika ishchi guruhi kelib vaziyatni joyida oʻrgandi. Muammoni bartaraf etish uchun Fargʻona viloyati hokimi topshirigʻi asosida viloyat mahalliy byudjeti mablagʻlari hisobiga bitta tik sugʻorish qudugʻi oʻrnatib beriladigan boʻldi.

Shu oʻrinda haqli savollar tugʻiladi: ushbu issiqxonalar haqiqatan muhtoj oilalarga berilganmi? Unda nega shuncha vaqtdan buyon issiqxonali boʻlgan oilalar bu yerdan daromad olishga qiziqmayapti? Toʻgʻri, tanqidiy maqoladan soʻng issiqxonada biroz harakatlar boshlangan. Ammo baʼzi issiqxonalarga ekilgan ekinlar eʼtiborsizlikdan bugungi sovuq kunlarda “qaqshab” yotibdi...

ATB «Turonbank» Fargʻona viloyati filiali mutasaddilarining qayd etishicha, bu yerda “Ustoz-shogird tomorqa xizmati” MCHJ tomonidan issiqxona qurilishi ishlari olib borilib, bank tomonidan ajratilishi kerak boʻlgan kredit mablagʻi toʻliq moliyalashtirib berilgan. Ammo suv taʼminoti masalasi oxirigacha hal etilmagani sababli oʻtgan davr mobaynida issiqxonaga yopilgan plyonkani shamol uchirib ketdi, 2,5 gektar yerdan hamon hosil olinmayapti.

Fargʻona viloyati bandlik bosh boshqarmasi maʼlumotida keltirilishicha, “Oʻzbekiston Respublikasi Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan subsidiya va grantlar ajratish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomning 5-bobida “Yengil konstruksiyali issiqxonalar oʻrnatish, urugʻliklar, koʻchatlar va sugʻorish vositalari xarid qilish uchun subsidiya ajratish” tartibi belgilangan. Oʻrganish natijasiga koʻra yetkazib beruvchi tashkilot, aholi bandligiga koʻmaklashish markazi va tomorqa yer egasi oʻrtasida uch tomonlama shartnoma tuziladi. Shundan soʻng aholi bandligiga koʻmaklashish markazi tomonidan uch tomonlama shartnoma asosida subsidiya ajratish toʻgʻrisida markaz rahbarining buyrugʻi rasmiylashtiriladi va tegishli toʻlov amalga oshiriladi.

Fargʻona tumani aholi bandligiga koʻmaklashish markazi tomonidan Bandlikka koʻmaklashish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 125 nafar fuqaro uchun Fargʻona tumani hokimining 2020-yil 25-avgust kungi qaroriga asosan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun moʻljallangan yengil tipdagi issiqxona barpo etish maqsadida 836 million soʻmdan ortiq mablagʻ “Ustoz-shogird tomorqa xizmati” MCHJga moliyalashtirib berilgan.

Xullas, guvohi boʻlganimizdek, zarur kredit ham, subsidiya ham ajratilgan, biroq amalda hech bir siljish yoʻq.

Darvoqe, yaqinda faoliyatida qonunbuzilish holatlariga yoʻl qoʻygani uchun Fargʻona tumani hokimi ishdan olindi. Tumanga yangi rahbar tayinlandi. Umid qilamizki, endilikda yuqorida keltirilgan muammo ijobiy yechimini topadi. Axir bugun har bir qarich yerdan unumli foydalanish davlat siyosati darajasiga koʻtarilgan bir paytda bunday holatga panja orasidan qarab boʻlmaydi, shunday emasmi?!

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер