Mavlaviy Namangoniy maqbarasi obod boʻldi

11:44 24 Iyun 2024 Jamiyat
362 0

Qudratilla Najmiddinov/“Xalq soʻzi”. Yangi Namangan tumanida joylashgan ushbu maqbara XVIII asrning ikkinchi yarmida yashagan mashhur shoir va olim Mavlaviy Mullaxoʻja xotirasiga bagʻishlab qurilgan. Salkam uch asr ilgari bunyod etilgan inshoot soʻnggi bor bundan yarim asr muqaddam taʼmirdan chiqarilib, keyingi paytlarda qarovsiz holatda qolgan edi. Ushbu meʼmoriy majmuada ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi.

Kecha rekonstruksiya va mukammal taʼmirdan soʻng obod tus olgan ushbu majmua ziyoratchilar uchun eshigini ochdi. Shu munosabat bilan tashkil etilgan marosimda Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov, Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, sektorlar rahbarlari, faollar, nuroniylar va keng jamoatchilik vakillari qatnashdilar. Tadbirda Mavlaviy Mullaxoʻjaning hayoti va ijodiy faoliyati haqida gap bordi. Yakunda namanganlik yetti ulamo, jumladan Mavlaviy Namangoniy qoldirgan madaniy merosga bagʻishlab tojikistonlik olim Sodirxon Umarov muallifligida yangi nashrdan chiqarilgan “Xaft buzrugi Namangon” kitobi taqdim etildi.

Maʼlumot oʻrnida aytish lozimki, Namangan viloyatida 300 ga yaqin madaniy meros obyektlari roʻyxatga olingan. Turizmni rivojlantirishga xizmat qiluvchi ushbu maskan va ziyoratgohlarni taʼmirlash ishlariga alohida eʼtibor qaratilib, ular obod qadamjolarga aylantirilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер