Matbuot — hayot koʻzgusi

18:16 24 Iyun 2020 Jamiyat
5017 0

Prezidentimiz tashabbusi bilan Oʻzbekistonda mutolaa madaniyatini shakllantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu bejiz emas. Chunki bugun yoshlarda kitobga, adabiyotga muhabbatni shakllantirmasak, kelajakda ulardan yuksak maʼnaviyatni kutish amrimahol. Faqat chinakam adabiyotgina insonni ezgu qadriyatlarga oshno etadi, tafakkurini boyitadi, mulohazaga chorlaydi.

Hayot haqiqati shuni koʻrsatmoqdaki, bugungi shiddatli davr yoshlarda siyosiy ong va huquqiy savodxonlikni ham shakllantirib borishni talab etmoqda. Yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashga intilayotgan ekanmiz, bunda keng miqyosdagi yangilanishlar jarayoniga ularning daxldorligini oshirish ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Ilgari maktablarda dars boshlanishidan avval besh daqiqalik “siyosiy axborot” — gazetalar sharhi oʻtkazilar edi. Katta avlodning siyosiy yetukligiga shu ham sabab boʻlgandir, balki. Zero, har doim siyosiy tuzumning oʻzgarishi va qayta qurish jarayonlari odamlarga islohotlar mazmun-mohiyatini tushuntirish orqali kechgan. Va bunda bosh rolni aynan matbuot oʻynagan. Tarixga nazar solsak, bunga yetarlicha misollarni koʻrish mumkin. Bugunga kelib ayrim shaxslarning gazetalarga befarq munosabati esa ularning siyosiy bilim va madaniyati qanchalik darajada ekanligini ham koʻrsatmoqda.

Bugungi kunda markaziy nashrlarda mamlakatimiz kundan-kunga bosib oʻtayotgan murakkab, ammo shonli va sharafli yoʻl aks etayotir. Oʻzining gazeta oʻqimasligi haqida faxr bilan aytayotganlar bu yoʻlning hayotbaxsh nurlaridan, ulardagi rangorang jilolardan toʻla bahramand boʻlayotir, deya olmaymiz.

Axir aynan gazeta nafaqat bugungi kun panoramasini toʻliq koʻrish va kuzatish, balki kelgusidagi istiqbolni ham yaqqol tasavvur qilishga yordam berishi kundek ravshan-ku?! Gazeta xuddi darslik singari barcha mavzularni, mamlakatning butun tarixiy yilnomasini qamrab oladi. Undagi maqola — ertagayoq esdan chiqib ketadigan uzuq-yuluq faktning oʻzigina emas. Maqolaga har doim qaytish mumkin. Kerak boʻlganda, yana boshdan mulohaza qilasan, muhim joylarini belgilab, oʻqiganlarni keyinchalik foydalanish uchun saqlab qoʻyish mumkin. Efirda ketgan maʼlumotlarni olganda boʻlganidek nimanidir oʻtkazib yuborish zinhor mumkin emas.

Shu bilan bir qatorda, matbuotda ishlashning oʻziga yarasha mashaqqati bor. Bitta maqola yoki axborot tayyorlanguncha necha kishining koʻz nuri toʻkiladi, keyin sahifalanadi, har bir sahifa musahhihlar qoʻlidan oʻtkazilib, bosmaxonaga yuboriladi va tonggacha toʻliq bosmadan chiqariladi, oxirida tayyor mahsulot — gazeta oʻquvchilar qoʻliga yetib borishi uchun butun mamlakat boʻylab yuzlab odamlar jon koyitadi. Masʼullar tun-allamahalgacha, yanayam aniqrogʻi, tongotargacha qolib ishlaydi. Eng qizigʻi, shu hol har kun takrorlanadi. Bunday ish tartibiga har qanday odam ham chidash berolmasligi aniq.

Izlasak, yurtimizda ham zamon talabiga koʻra faoliyat yuritayotgan bosma nashrlar koʻp. Keyingi yillarda gazetalarimizda muntazam ravishda iqtisodiy sharhlar berib borilyapti, ijtimoiy sohadagi oʻzgarishlar, islohotlar qanday borayotgani, Prezident Farmon va qarorlari odamlar hayotiga qanday taʼsir koʻrsatayotgani keng yoritilmoqda. Tahlil va sharhlar tayyorlash uchun milliy va xorijiy ekspertlar, siyosatchilar, turli soha mutaxassislari jalb etilyapti. Gazetalarimizga katta masʼuliyat yuklatilgan — u ham boʻlsa, vatandoshlarimizga ertangi yorugʻ kunlar sari borayotgan yoʻlida hamqadam boʻlish, taʼbir joiz boʻlsa, hamrohi, sirdoshiga aylanishdir.

Jamiyatning madaniyati yuksalishida ham gazetaning oʻrni salmoqli. Negaki, aynan gazeta til sofligini, uning adabiy-badiiy xususiyatlarini, soʻz yuki va qudratini nafaqat saqlab qoladi, balki oshirib ham boradi. Bosma nashrda har bir soʻz chuqur va keng maʼno-mazmunga ega. Gazeta adabiy til qoidalariga toʻliq amal qilgani uchun ham qadrli. Aynan bosma nashrlarda ishlovchi jurnalistlar shu bois ham axborot maydoni elitasi hisoblanadi. Ular oʻz oʻquvchilari oldidagi yuksak masʼuliyatni his etgan holda, mulohazakorlik, haqqoniylik, halollik va burchga sodiqlikni faoliyatining asosiy tamoyillari deb bilishadi.

Xullas, gazeta oʻqishni xohlamaydigan kishi — hayotga panjaraning kichik bir tirqishidan qarashga mahkum inson kabidir.

Keyingi yillarda Oʻzbekistonda soʻz va matbuot erkinligini taʼminlash uchun ochiq maydon yaratildi. Bunday imkoniyatdan foydalanish yoʻlidagi turli gʻovlar: maʼmuriy, norasmiy cheklovlar deyarli olib tashlandi. Jamiyatda har kim oʻz fikrini bemalol bildirishi, murojaat va eʼtirozlari, taklif hamda shikoyatlarini erkin ifoda etishi uchun zarur huquqiy baza yaratildi va u takomillashtirilmoqda. Fuqarolar, jurnalistlar, blogerlarga katta minbarlar berildi. Bular internet, undagi ijtimoiy tarmoqlar, portallar, gazeta-jurnallar, TV va radio, xullas, axborot yetkazishning barcha vositasini, onlayn va oflayn, anʼanaviy va noanʼanaviy instrumentlarni qamrab oldi. Shunga yarasha insonning soʻz va axborot olish erkinligi, jurnalistik faoliyat erkinligi kafolatlari tubdan mustahkamlandi, bunday huquqlarga daxl yoki qarshilik qilganlarga nisbatan tegishli javobgarlik choralari kuchaytirildi.

Pirovardida yurtimizda shaffof va tezkor axborot maydoni vujudga keldi. Turli axborot saytlari rivojlana boshladi, blogerlik harakati keng quloch yozdi. Bugun har kim va har bir tashkilot, xoh u matbuot sohasi boʻlsin, xoh boshqa soha oʻz sayti, “Telegram” kanali, “Facebook”, “Youtube”, “Instagram” kabi ijtimoiy tarmoqlarda oʻz sahifalarini yuritishi oddiy holga aylandi. Tabiiyki, bunday holatda axborot olish va yetkazish jabhasida ham raqobat keskin kuchayib ketdi. Xoʻsh, bunday zamon shiddatiga, taraqqiyot shartlariga hamma ham dosh bera olyaptimi? Tezkorlik bilan moslashishning uddasidan chiqmoqdami? Shubhasiz, yoʻq va bu tabiiy jarayon. Sababi, har qanday raqobatda baribir kimdir yetakchi boʻladi, boshqasi oʻrtamiyona va yana kimdir autsayder. Hatto unga dosh bera olmay chiqib ketayotganlar ham yoʻq emas.

Tan olish kerak, bugungi kunda auditoriya qamrovi boʻyicha va umuman, kontent reytinglarida nodavlat ommaviy axborot vositalari, xususan, internet saytlari, shuningdek, blogerlar yuritayotgan onlayn kanallar yetakchi oʻrinlarda turadi. Biz ularning bu yutuqlaridan faqat xursand boʻlamiz. Shu bilan bir qatorda, bu hali oldimizda qilinadigan ishlar koʻpligini ham anglatadi. Yaxshi tomoni shundaki, mazkur holat plyuralizm mavjudligini anglatadi, bu esa axborot tarqatishda raqobatni kuchaytirib, soʻz va fikr erkinligi uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Bu, oʻz navbatida, fuqarolik jamiyati qurishning asosiy talablaridan biridir.

Boshqa tomondan esa plyuralizmni boshboshdoqlik, oʻzbilarmonlik deb tushunmaslik kerak. Chunki bunday qarash davlat axborot xavfsizligi, ijtimoiy barqarorlik hamda sotsial kayfiyatni izdan chiqarib yuborishi mumkin. Shuning uchun bu boradagi oltin oʻrtaliqni taʼminlash bugun har qachongidan muhimdir. Binobarin, oxirgi paytlarda aytilayotgandek, nafaqat Milliy teleradiokompaniya, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi — OʻzA kabi rasmiy axborot yetkazib beruvchilar, balki davlat hokimiyati organlari matbuot nashrlari, veb-saytlari faoliyati, salohiyati, moddiy-texnika bazasi, kadrlarni qoʻllab-quvvatlash borasidagi ishlarni tubdan qayta koʻrib chiqish maqsadga muvofiq.

Buning uchun nima qilish kerak? Davlatimiz rahbari hayotimizdagi bugungi ulkan oʻzgarishlar, islohotlarimiz mantigʻi barchamizdan yangicha ishlashni, yangi gʻoya va tashabbuslar bilan maydonga chiqishni talab etayotganini taʼkidlagan holda, ommaviy axborot vositalari oldiga keng miqyosli vazifalar qoʻyayotgan bir paytda ishni qanday tashkil etish lozim? Keling, ushbu savollarga quyidagi kontrast va mezonlardan kelib chiqib javob berishga urinib koʻramiz.

Birinchidan, dunyoqarash masalasi. Davlat organlaridagi matbuot mutasaddilari doimiy izlanishda boʻlishlari lozim. Davlat telekanali va sayti yoki matbuotda ishlaydigan har bir jurnalist ham masalaga shunday yondashishi kerak. Doimo oʻz ustida tinimsiz ishlashi, tajriba toʻplashi, koʻpchilikni oʻylantirayotgan muammolarni koʻtarib chiqish orqali kattaroq auditoriyaga ega boʻlishga intilishi lozim. Bunga nafaqat dunyoning, balki yurtimizning yaqin tarixida ham misollarni koʻplab keltirish mumkin.

Ikkinchidan, raqobat masalasi. Internet davri boshlanishi bilan davriy matbuot nihoyatda murakkab ahvolga tushib qoldi. Pandemiya esa uning inqirozini yana-da tezlashtirdi. Bu butun dunyoda kuzatilmoqda. Shu jumladan, Oʻzbekistonda ham. Anʼanaviy bosma nashrlarning obunasi butkul tushib ketgan. Bunga bir tomondan yetkazib berish xizmatining beqarorligi sabab boʻlsa, boshqa tomondan obunani rasmiylashtirish jarayonlarining nisbatan murakkabligi, gazetalarni kiosklardan xarid qilish imkoni yoʻqligi ham taʼsir koʻrsatmoqda. Shunga yarasha gazetalarga reklama berish ham keskin kamayib ketdi.

Gazeta-jurnallar ushbu holatdan chiqishning muqobil yoʻllarini qidirishayotganiga ancha boʻldi. Ular gazetalarning elektron variantlarini internet orqali eʼlon qilish, ijtimoiy tarmoqlarda faol qatnashish choralarini koʻrishyapti. Lekin bularning barchasi mablagʻga borib taqaladi. Bunday imkoniyat esa hammada ham yoʻq. Koʻpchilik nashrlar, hatto kadrlarini va texnik bazasini saqlab qolish uchun ham muassislarning yordamiga muhtoj boʻlib qolgani koʻp narsani anglatadi.

Bu borada boshqa mamlakatlar qanday yoʻl tutyapti? Uzoqqa bormaylik. MDH davlatlari ichida koronavirusdan eng koʻp aziyat chekayotgan Rossiyani olib koʻramiz. Boshqalar kabi Rossiyada ham ommaviy axborot vositalari koronavirus tarqalishidan eng koʻp zarar koʻrgan tarmoqlar roʻyxatiga kiritilgan. Shu bois sohani davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashga qaror qilindi. Maʼlum qilinishicha, davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash choralari doirasida Rossiyada OAVning soliqlar toʻlashini olti oyga kechiktirish, ularga davlat, kommunal yoki xususiy mulklardan foydalanganlik uchun ijara toʻlovlari hamda ish haqi toʻlash uchun ssudalar ajratish, bundan tashqari, har qanday ehtiyojlar uchun ikki foizlik kreditlar berish koʻzda tutilmoqda.

Uchinchidan, kadrlar masalasi. Tabiiyki, bugungi yaxshi kadr, shu jumladan, oʻziga ishongan va isteʼdodli jurnalist, oʻz qadrini yaxshi biladi, durust haq toʻlanadigan joyda ishlashni xohlaydi. Bozor iqtisodiyoti sharoitida bu tabiiy hol. Zamon talablariga javob beradigan jurnalist kadrlarning esa talabgorlari ham koʻp. Tabiiyki, u oʻz hayoti va kelajagi uchun moddiy ragʻbatni har tomonlama taʼminlab bera oladigan joyni tanlaydi. Aytib oʻtganimizdek, moliyaviy-iqtisodiy ahvoli pandemiya tufayli yana-da xarob va haminqadar boʻlib qolgan joyda kadrlar qoʻnimsizligi oddiy holga aylanishi, shubhasiz.

Agar shunday paytda davlat organlari, muassislar oʻzlariga tegishli ommaviy axborot vositalarini moddiy qoʻllab-quvvatlasa, xodimlarni ragʻbatlantirish siyosati samaradorligini oshirsa, nafaqat malakali kadrlarni ushlab qolish imkoniyati oshadi, balki boshqa “aql”larni ham jalb etish imkoniyati paydo boʻladi.

Toʻrtinchidan, tanqid masalasi. Aksariyat oʻquvchilarda rasmiy kanallar yoki nashrlar tanqidiy materiallarni kam beradi, koʻproq ijobiy holatlar yoritiladi, degan stereotip paydo boʻlgan.

Chindan ham, davlat organlari muassisligida faoliyat yuritadigan ommaviy axborot vositalaridan farqli oʻlaroq, nodavlat ommaviy axborot vositalari hukumat, vazirliklar, idoralar va boshqa davlat tashkilotlari oldida hisobdor emas. Ularning asl maqsadi auditoriyani koʻpaytirib, daromad orttirish, biznes qilish. Tabiiyki, axborot sohasida axborot beruvchi davlat organlariga tobe boʻlmasagina daromad olishi mumkin. Bu borada davlat telekanallari, nashrlari va saytlarining imkoniyatlari cheklanganini nafaqat oʻsha joyda ishlaydiganlar, balki muassislar ham yaxshi biladi.

Beshinchidan, ichki senzura masalasi. Uzoq yillar davomida faqat ijobiy ruhdagi maqolalar yozishga koʻnikib qolgan jurnalist uchun toʻsatdan tanqidiy material tayyorlash oson kechmasligi aniq. Buning uchun u, avvalo, oʻz fikrlash tarzini oʻzgartirishi kerak boʻladi. Qolaversa, hamma ham bir deganda buning uddasidan chiqavermaydi. Aftidan, aynan shu jihat yangi Oʻzbekistonning dastlabki yillarida axborot maydonidagi estafeta tayogʻi blogerlar, xususiy internet saytlariga oʻtib ketishiga turtki berdi. Aynan ular jamiyat hayotidagi eng ogʻriqli muammolar (majburiy mehnat, korrupsiya, “snos”lar, hokimlarning zoʻravonliklari)ni dadil koʻtarib chiqishdi. Imkoniyat qoʻldan boy berilgach, ularga “yetib olish” ancha qiyin masala boʻlib qoldi.

Oltinchidan, manbalar bilan ishlash masalasi. Eng dolzarb va muhim voqealar, yangiliklar haqida odamlar davlat nashrlari, kanallari yoki saytlari orqali emas, balki xususiy axborot saytlari, blogerlar, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalar va hatto xorijdagi ommaviy axborot vositalari orqali xabardor boʻlishmoqda. Rasmiy manbalar esa bu borada maʼlum muddat sukut saqlaydi, faqat ruxsat boʻlgandan keyingina shu haqda axborotni uzatadi. Bu vaqtda qanchadan-qancha boshqa xabarlar tarmoqlar orqali “oqib kelayotgan” boʻladi.

Buni ikkita omil bilan tushuntirish mumkin. Birinchisi — hamon eskicha fikrlash, ichki senzura, bir qolipga tushib qolganlik. Ikkinchisi, baʼzi manbalar jiddiy mavzulardagi yangiliklarni avval axborot saytlariga sizdirishdan, keyin rasmiy xabar berishdan manfaatdor.

Yettinchidan, jurnalist kadrlar tayyorlash masalasi. Mamlakatimizda soʻnggi yillarda jurnalist kadrlar tayyorlaydigan oʻquv dargohlari soni koʻpaydi. Shunday ekan, boʻlgʻusi jurnalistlarning davlat organlari muassisligida faoliyat yuritadigan tahririyatlar va telekanallarda amaliyot oʻtashini tashkil qilish ham dolzarb masalalardan. Bu yerda ular haqiqiy jurnalistik materiallar qanday tayyorlanishini oʻrganadi, sohaning negizini tashkil etuvchi bilim va malakalarini oshiradi.

Bundan tashqari, oʻquv dargohlarida Vatan manfaatlariga sadoqatli yetuk jurnalistni yetishtirib berishga xizmat qiladigan oʻzbek tilidagi sifatli darsliklar, adabiyotlar juda kam. Borlari ham eski va ular takomillashtirishga muhtoj. Xorijda tan olingan mutaxassislarning kitoblarini tarjima qilishga ehtiyoj juda katta.

Aslida, demokratik fuqarolik jamiyatida jurnalistlarning obroʻsi anchayin baland boʻladi. Chunki ular haqiqiy toʻrtinchi hokimiyat, davlat va xalq oʻrtasidagi oʻziga xos maʼnaviy-maʼrifiy koʻpriklardan biri hisoblanadi. Binobarin, jurnalist har bir yozayotgan soʻzi uchun masʼuliyatni his etadi, xalq, jamiyat oldida javobgar va hisobdor boʻladi. Blogerda esa mutlaqo boshqacha yondashuv. U koʻp hollarda oʻzining shaxsiy fikrini ifodalaydi va bu fikr jamiyatga muayyan taʼsir oʻtkazadi.

Bu yerda gap jurnalistlarni blogerlar bilan, davlat ommaviy axborot vositalarini xususiylari bilan taqqoslashda emas. Asosiysi, bugungi kunda ular oʻrtasidagi muvozanatni saqlash. Bunda jurnalistlardan davr talablariga moslashish, mehnat samaradorligini oshirish talab etiladi. Bu esa mamlakatimizning axborot xavfsizligini taʼminlashga xizmat qilishi, shubhasiz.

Fikrimizcha, hozirgi sharoitda bosma nashrlar quyidagicha harakat qilishlari lozim:

  • Birinchidan, gazetalar voqealarni oʻzlarining internetdagi saytlari orqali tezkor berishi mumkin. Tahririyatlar bu sharoitda konvergensiya jarayonlarini tezlashtirishlari, oʻz oldilariga koʻproq maqsadlar qoʻyishlari kerak. Bunda asrlar davomida shakllangan soʻzga masʼuliyat bilan yondashish xususiyatining raqamli formatda ham oʻz aksini topishi ularga bugungi kunda ishlab turgan veb-resurslarga nisbatan ustunlik beradi. Bosma holatda esa eng muhim voqealar haqidagi maqolalar, tahliliy materiallar, intervyular, qiziqarli reportajlar va publitsistikani berish mumkin.
  • Ikkinchidan, sharhlar va tahliliy maqolalar tayyorlashga jalb etiladigan ekspertlarning sonini oshirish kerak. Vazirliklar va idoralar bilan hamkorlikda OAV bilan doim aloqada boʻladigan ekspert va mutaxassislar guruhlarini tashkil etish haqida koʻp gapirildi. Albatta, bunday hamkorlikni qoʻllab-quvvatlash va moddiy ragʻbatlantirish zarur. Hech boʻlmaganda munosib qalam haqi toʻlanishi kerak.
  • Uchinchidan, televideniye, radio va internet nashrlardan farqli oʻlaroq gazetalar boʻlayotgan voqealarni koʻrsatib berish bilangina cheklanib qolmasdan, oʻz davrining solnomasini ham yaratadi. Koʻp oʻtmay, gazeta va jurnallarda chop etilgan materiallar tarixiy manbaga aylanadi. Shu maʼnoda, eng muhim tarixiy jarayonlarni keng va batafsil yoritish oʻzgarmas shartlardan biri boʻlishi kerak.
  • Toʻrtinchidan, maʼlum maʼnoda matbuotning boshqa shaklga oʻtishi kadrlarni qayta tayyorlashni, ularga yangi formatdagi bilimlar berishni talab etadi. Ular tajribali murabbiylarning seminarlarida faol ishtirok etishlari, xorijdagi muvaffaqiyat bilan ish olib borayotgan tahririyatlardan mutaxassislarni tajriba almashish uchun jalb etishlari zarur. Shu bilan bir qatorda, koʻpgina tahririyatlar texnik modernizatsiya qilinishi shart, lekin ular bunga moddiy jihatdan qodir emas. Bu borada ishlab chiqarish vositalarini yangilash uchun ajratiladigan imtiyozli kreditlar muammoni hal etishi mumkin.
  • Beshinchidan, yangi formatga oʻtish, ijodiy eksperiment, brend va dizaynni tubdan yangilash — auditoriyani oʻziga jalb etish, afzalliklarni koʻrsata bilishning muhim omillaridan. Videoformatlarni ishga solish, sahifalashda yangi dastur va usullardan foydalanishda dadil boʻlish, ishni paysalga solmaslik kerak. Bunda oʻzimizdagi eng ilgʻor gazetalar va xorijiy nashrlar faoliyatini oʻrganib chiqish katta foyda beradi.

Matbuotni rivojlantirish bilan bogʻliq yana bir masala, bu — gazetalarni oʻquvchilarga yetkazib berish tizimini isloh qilish. Chunki chop etilayotgan matbuot nashrlari isteʼmolchiga oʻz vaqtida yetib bormayapti. Natijada chop etilgan maqolalarning dolzarbligi, vaqt nuqtayi nazaridan qiymati yoʻqolmoqda. Demak, eng avvalo, har bir nashrning oʻquvchiga oʻz vaqtida yetkazilishini taʼminlovchi tizim yaratilishi kechiktirib boʻlmas masalalardan.

Mavridi kelganda, eʼtibor qaratilishi kerak boʻlgan yana bir masalaga toʻxtalmoqchimiz. Bu — axborotning ishonchliligi.

Ishonchimiz komilki, bu borada bosma nashrlar ilgʻorlikni hech qachon hech kimga bermasa kerak. Negaki, gazeta, bu — hujjat, u — arxiv. Asrlar oʻtib jamiyatning bugungi qiyofasiga unga qarab baho beriladi. Shuning uchun bosma nashrlar masʼuliyati internet saytlari yoki blogerlikka nisbatan anchayin zalvarli. Gazetada bosilgan har bir soʻzning oʻz masʼuliyati bor. U bosib chiqarilgach, na tahrir qilib, na oʻchirib tashlab boʻladi.

Aslida matbuot — hayot koʻzgusi. Yaʼni u voqealar jarayonini avlodlardan avlodlarga yetkazuvchi manba. Matbuotni oʻqish odamni kitobga yoʻnaltiradi, bu esa teran fikrlashga, keng dunyoqarash egasi boʻlishga yoʻl ochadi. Umuman olganda, har doim ham matbuotning barqaror rivojlanishiga aholining matbuotga intilishi va davlatning muntazam ravishda gazeta-jurnallarni qoʻllab-quvvatlashi xizmat qilgan.

Afsuski, oʻquvchilarimiz keragidan ortiq soddalashtirilgan yoki joʻn axborotlarni olish va oʻqiganlarini qanday boʻlsa, shundayligicha qabul qilishga koʻnikib qolayotganini ham inkor etib boʻlmaydi. Ixchamlik, soddalik va oddiylik orasidagi chegara yoʻqolib qoldi. Tezkorlik bilan tayyorlangan yangiliklar, reportajlar oʻquvchini mulohazaga chorlamaydi. Agar faqat “layk” olish uchungina biror shov-shuvli xabar berilishi kerak boʻlsa, u holda OAVning tafakkurni, dunyoqarashni rivojlantirishdagi ahamiyati haqida gapirmasa ham boʻlaveradi.

Taassufki, bugungi davrda tezda unutiladigan, biror yomon voqea yoki jinoyat toʻgʻrisidagi xabarlar odamlarni nisbatan koʻproq jalb etayotir. Aynan “xayp” uchun ishlash mana shunday noxush xabarlarning keng tarqalishiga sabab boʻladi. Agar biz namuna koʻrsatmasak, bu tendensiya borgan sari rivojlanib boraverishi aniq. Bu yerda gap axborotni yashirish haqida ketmayapti, aksincha, axborotlar xilmaxilligini taʼminlash va voqelikni xolisona yoritish nazarda tutilyapti. Yaʼni axborot yaxshi ishlangan, mukammal predmet emas, u doimiy harakat, oʻziga xos jarayondir. Bir oz mehnat qilinsa bas, oʻquvchi quruq axborotni oʻqibgina qolmay, balki uning sabab va oqibatlarini, voqealarning umumiy rivojini ham koʻradi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev soha xodimlariga yoʻllagan tabrigida ommaviy axborot vositalarida hayotimizdagi ijobiy oʻzgarishlar tahlili, sogʻlom tanqidiy ruh kuchayib borayotganini taʼkidlar ekan, ham axloqiy, ham professional nuqtayi nazardan oʻta muhim bir jihatga eʼtibor qaratdi. Davlatimiz rahbari fikriga koʻra, axborot maydonidagi turli bahs va tortishuvlar, avvalo, haqqoniylik va xolislik tamoyillariga asoslanishi, qonun va odob qoidalari doirasida boʻlishi, shaxsiy gʻaraz va xusumatga, soxta obroʻ orttirish usuliga aylanib ketmasligi, inson shaxsi va shaʼnini tahqirlashdan yiroq boʻlishi, bunday salbiy holatlarga bizning media maydonimizda mutlaqo oʻrin boʻlmasligi kerak.

Soʻzimiz yakunida aytmoqchi boʻlganimiz, aynan gazetalar bu tamoyillarga rioya qilgan holda, davr talabidan kelib chiqib qoʻyilayotgan vazifalarni bajarishga qodir, deb ishonamiz.

Oʻtkir RAHMAT.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер