Masʼullar mavsumga shay

15:51 07 Sentyabr 2020 Jamiyat
759 0

Kuzning ilk kunlari hukm surmoqda. Havodagi iliqlikni salqin haroratga alishib ulgurmasimizdan qish fasli eshik qoqadi. Shu bois har bir oilada kuz-qish mavsumini betalafot oʻtkazish yuzasidan tayyorgarlik ishlari boshlab yuborilgan. Kimdir har ehtimolga qarshi koʻmir zaxirasini yaratayotgan boʻlsa, boshqasi oziq-ovqat mahsuloti tashvishi bilan band. Biroq, qars ham ikki qoʻldan chiqadi. Yetarli sharoit yaratish fuqarolarning oʻzlarigagina bogʻliq emas. Bu borada har bir mutasaddi idoralar masʼullari hushyor boʻlmoqlari kerak. Jumladan, “Andijon suv taʼminoti” MCHJ tomonidan aholini kuz-qish mavsumida toza ichimlik suvi bilan taʼminlashda uzluksizlikka erishish uchun tayyorgarlik ishlari boshlab yuborilgan.

— Viloyatimiz hududlariga qish-qirovli kunlarda ham bir maromda ichimlik suvini yetkazib berish maqsadida shu kungacha 35,6 km. masofadagi ichimlik va oqava suv tarmoqlari taʼmirlandi, — deydi jamiyat bosh muhandisi Dilmurodjon Sultonov. – Bundan tashqari, 23 ta suv inshootlari, 252 ta suv nasosida taʼmirlash ishlari yakuniga yetkazilib, ishchi holatiga keltirildi.

Kuz-qish mavsumi soha xodimlari uchun hamisha tigʻiz hisoblanadi. Boisi, bir kunda bir necha nosozliklarni taʼmirlashga toʻgʻri keladi. Bularning barchasi texnik vositalarsiz amalga oshirilmaydi. Shu sababdan mavsumga tayyorgarlik jarayonida texnik vositalarning sozligiga alohida ahamiyat qaratildi. Natijada mavjud 138 ta avtomashinadan 20 tasida ayrim nosozliklar aniqlandi va oʻz vaqtida bartaraf etildi.

— Viloyat boʻyicha 20 ta nosozliklarni bartaraf etish guruhlari faoliyati tashkil etilgan, — deya suhbatni davom ettiradi jamiyat bosh muhandisi Dilmurodjon Sultonov. — Ushbu guruh tarkibidagi 75 nafar malakali ishchilar va 38 ta texnik vosita 24 soat mobaynida isteʼmolchilar xizmatiga tayyor.

Biz jamiyat faoliyati bilan tanishar ekanmiz, viloyatda yilning shu davriga qadar toza ichimlik suvi bilan bogʻliq 2 ming 266 ta, oqava suv tarmogʻiga aloqador 348 ta nosozlik yuzaga kelganligi va ularning barchasi oʻz vaqtida, sifatli yechim topganligiga guvoh boʻldik.

Afsuski, kuz-qish mavsumi talafotlardan xoli emas. Har qancha tayyorgarlik koʻrilmasin, hayotda katta-kichik koʻngilsizliklar yuzaga kelmay iloji yoʻq. Biroq, xavotir olishga ham xojat qolmadi. Axir, “Andijon suv taʼminoti” MCHJ bu kabi talafotlarga qarshi kurashish uchun hozirdanoq belni mahkam bogʻlab, xizmatga shay turibdilar.

Saminjon HUSANOV,
“Xalq soʻzi” muxbiri

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер