Mast haydovchi yuk mashinasida savdo doʻkonini buzib tashladi
Foto: Videodan kadr
Jizzax viloyati Zarbdor tumanida mast haydovchi janjal oqibatida oʻzining KamAZ rusumli yuk mashinasida oʻzganing savdo doʻkonini buzib tashladi. Viloyat IIB holat yuzasidan munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, kecha, 28-may kuni soat 01:19 larda Ravot MFYda joylashgan savdo doʻkonini ish yurituvchisi viloyat IIBning 102 xizmatiga qoʻngʻiroq qilib spirtli ichimlik taʼsiridagi fuqaro doʻkon va avtomashinaga qasddan moddiy zarar yetkazgani haqida xabar bergan.
Holat yuzasidan olib borilgan tergovga qadar tekshiruvlar olib borildi.
Maʼlum boʻlishicha, Zomin tumani, Nurlikent MFYda yashovchi 1998-yilda tugʻilgan fuqaro T.Sh. KamAZ rusumli yuk avtomashinasini mast holda savdo doʻkoni oldiga boshqarib kelgan.
Oʻsha vaqtda doʻkon yonida turgan Navoiy MFYda yashovchi 2000-yilda tugʻilgan H.R. va U.O.lar bilan oʻzaro tortishib qoladi. Oqibatida H.R. T.Sh.ning yuziga bir marotaba urib, tan jarohati yetkazadi.
Shundan soʻng T.Sh. jahl ustida oʻz boshqaruvidagi yuk avtomashinasida H.R.ga tegishli “Spark” rusumli avtomashinaning orqasidan urib yuborib, avtomashina va savdo doʻkoniga moddiy zarar yetkazgan.
Qoʻshimcha qilinishicha, hozirda hodisa sodir boʻlgan joy tergov-tezkor guruhi tomonidan koʻzdan kechirilib, hozirda tergovga qadar tekshiruv davom etmoqda. Tergov natijalariga koʻra ushbu voqea ishtirokchilarining xatti-harakatlariga huquqiy baho beriladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring