“Masdar” kompaniyasi Oʻzbekistonda shamol elektr stansiyasi quvvatini 1,5 GTt ga oshiradi

10:12 02 Aprel 2021 Iqtisodiyot
953 0

BAAning “Masdar” kompaniyasi tomonidan Oʻzbekistondagi shamol elektr stansiyalari boʻyicha oʻz loyihasi quvvatini 1,5 GVtgacha oshirish boʻyicha kelishuvni imzoladi. Bu haqda Energetika vazirligi Axborot xizmati xabar berdi.

Kecha, 1-aprel kuni Toshkent shahrida Markaziy Osiyoda eng yirik shamol parki qurilishiga doir qaror qabul qilishga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi. Unda videomurojaat bilan Bosh vazir oʻrinbosari, Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov, BAAning iqlim oʻzgarishi boʻyicha maxsus elchisi hamda sanoat va ilgʻor texnologiyalar vaziri doktor Sulton Ahmad Al Jobir, Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vaziri Alisher Sultanov, BAA Energetika va infratuzilma vaziri Ye.Suxayl Al Mazruyey ishtirok etdi.

Loyiha quvvatini kengaytirish toʻgʻrisidagi kelishuv investor tomonidan “Masdar” kompaniyasi bosh direktori Muhammad Jamil Al Ramohiy va Oʻzbekiston tomonidan esa Alisher Sultanov tomonidan imzolandi.

2020-yilda “Masdar” kompaniyasi tomonidan Oʻzbekiston Hukumati bilan quvvati 500 megavatt (MVt) boʻlgan shamol elektr stansiyasi, mamlakatda toza energiya sohasidagi ikkinchi keng koʻlamli loyiha va Markaziy Osiyodagi eng yirik shamol elektr stansiyasi loyihasini ishlab chiqish, qurish va ekspluatatsiya qilish boʻyicha ikki tomonlama kelishuvlar imzolandi. Loyiha 600 million AQSH dollaridan ortiq toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qiladi.

Yangi kelishuv imzolanishi bilan Navoiy viloyatining Zarafshon tumanida joylashadigan loyiha quvvati 1,5 GVtga oshdi, bu kelgusida Oʻzbekistonga 2030-yilga borib shamol elektr stansiyalari (SHES) hisobiga 3 GVtgacha elektr energiyasi ishlab chiqish boʻyicha maqsadlariga erishishga yordam beradi.

Zarafshondagi quvvati 500 MVt boʻlgan SHES 2024-yil oxiriga kelib ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda. Mazkur quvvat hisobiga SHES 500 000 ta uy-joy taʼminoti uchun yetarli boʻlgan elektr energiyasi hajmini ishlab chiqish imkoniyatiga ega boʻladi. Bu shuningdek, atmosferaga yiliga 1,1 mln tonnagacha karbonat angidrid gazi chiqarilishining oldini olishga yordam beradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер